Professional ta'limda mutaxassislarni tayyorlashda nazariy va amaliy ta'limni integratsiyalashtirishda Germaniyaning dual o'qitish tizimini mamlakatimizda joriy etish orqali samarali ta'lim dasturiga asos solindi.
Davlat dasturida professional ta'lim tizimini rivojlantirish, mehnat bozori va ish beruvchilar shartlariga munosib malakali o'rta bo'g'in kadrlarini tayyorlash maqsadida 2023-2024-o'quv yilidan boshlab davlat grantlari kollej va texnikumlarning dual ta'lim shakli bo'yicha ham ajratilishi belgilab qo'yildi.
Natijada dual ta'lim shaklida o'quvchi professional ta'lim muassasasida nazariy bilimlar o'rganadi. Ayni bir vaqtda ishlab chiqarish korxonalarida vazifa bajaradi, mustaqil ko'nikmalarini mustahkamlaydi. Ya'ni ta'lim olish qanchalik amaliyotga yaqin va bog'langan bo'lsa, korxona va o'quvchi uchun shunchalik katta manfaat bo'ladi.
Sohadagi islohotlar natijasida hozirda viloyatimizda 19 ta texnikum faoliyat yuritmoqda. Ularda xalqaro tasniflagichning 5-darajasiga mos tushuvchi va oliy ta'lim tizimi bilan integratsiyalashgan ta'lim dasturlari asosida kadrlar yetishtiriladi.
O'qish kasblar va mutaxassisliklar murakkabligidan kelib chiqqan holda kamida ikki yil muddatda kunduzgi, kechki va sirtqi ta'lim shakllarida to'lov kontrakt yoki davlat granti asosida amalga oshiriladi. Joriy yildan dual ta'lim usuli tatbiq qilinadi. Mazkur tizim elementlariga asoslangan ta'lim muassasasi va korxona mutaxassislari tomonidan birgalikda ishlab chiqilgan o'quv dasturlari professional ahamiyatga ega kompetentsiyalarning muvaffaqiyatli taraqqiyotiga yordam beradi.
Ta'kidlash lozimki, yurtimizda yoshlarning ilm olishlari va o'zlari xohlagan kasb va mutaxassisliklar sohibi bo'lishlari uchun jamiki imkoniyatlar yaratilgan. Qulaylik va imtiyozlardan oqilona foydalanish esa kelajakda hayotda o'z o'rinlarini topishlariga xizmat qiladi.
Gulchehra QAYUMOVA,
Namangan sanoat texnikumi direktori,
“Mehnat shuhrati” ordeni sohibasi