Toshkent viloyatidagi 93 mahallada yoʼl-transport hodisalarining oldini olishga qaratilgan uchrashuvlar oʼtkazildi, deya xabar bermoqda Toshkent viloyati IIBB YHXB Аxborot xizmati.
Soʼnggi vaqtlarda hayotimizning barcha jabhalarida mahallaning oʼrni beqiyos ekanligi alohida eʼtirof etilmoqda. Аyniqsa, huquqbuzarliklar hamda jinoyatlarning oldini olishda mahallaning, unda istiqomat qiluvchilarning oʼrni beqiyos.

Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmasi yoʼl harakati xavfsizligi boshqarmasida ham masalaning ana shu tomonlarini inobatga olgan holda mahallalarda turli profilaktik tadbirlar oʼtkazishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
– Viloyatimiz hududida jami 1042 ta mahalla mavjud, – deydi Toshkent viloyati IIBB YHXB Аxborot xizmati boshligʼi, katta leytenant Rustam Аsqarov. – Mana shu mahallada istiqomat qiluvchilar hujjatsiz transport vositasini boshqaradiganlarni ham, mast holda yuradiganlarni ham yaxshi bilishadi.

Shu sababli xodimlarimiz mahallalarda tez-tez boʼlishib, qoidabuzarliklarning oldini olish yoʼnalishidagi ishlarni tashkil etishmoqda. Bunday uchrashuvlar kuni kecha viloyatning 93 mahallasida oʼtkazildi. Uchrashuvlarda transport vositasini mast holda boshqargan va yoʼl-transport hodisasi sodir etgan fuqarolar muhokama qilindi. 
Oʼzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining Farmoyishiga asosan jamoat tartibini saqlash, yoʼl harakati havfsizligini taʼminlash hamda huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida ish faoliyati samaradorligini yanada oshirish maqsadida 15 oktyabrdan 15 noyabrga qadar “Huquqbuzarliklarga qarshi kurashish va xizmat faoliyatini takomillashtirish” oyligi oʼtkazilmoqda.

Oʼtkazilayotgan uchrashuvlar ana shu tadbir mohiyati ham fuqarolarga tushuntirilib, unda faol ishtirok etishga chaqirildi.