Prokuratura organlari tomonidan investitsiya dasturlari doirasidagi loyihalarning boshlanishidan tayyor mahsulot ishlab chiqarish va uning realizatsiyasiga qadar bo‘lgan jarayonda tashabbuskorlar bilan muntazam aloqada bo‘lish amaliyoti joriy etilgan.
Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida bevosita prokurorlar tomonidan loyiha tashabbuskorlarining faoliyatida yuzaga kelgan 2 ming 411 muammo (kredit, elektr, tabiiy gaz, suv, bino yoki yer, ruxsatnoma va boshqa masalalar)ning ijobiy hal etilishi ta’minlandi.
820 ga yaqin yangi loyiha ishlab chiqilishi hamda 456 loyihani amalga oshirish istagida bo‘lgan tashabbuskorlar aniqlanishiga ko‘maklashildi.
Dasturlar doirasida shakllantirilgan 3 mingdan ortiq loyiha nazorat tartibida o‘rganib chiqildi. Bundan tashqari, 160 yirik loyiha post-monitoringdan o‘tkazildi (ushbu tadbir davomida 25 nafar tadbirkorga amaliy yordam ko‘rsatilib, 8 ta loyihaning to‘la quvvatda ishlashi hamda 300 dan ortiq ish o‘rinlari yaratilishiga erishildi).
Sohada o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida aniqlangan qonunbuzilishlar yuzasidan 214 taqdimnoma kiritildi. Natijada 124 nafar mansabdor shaxs ma’muriy va intizomiy javobgarlikka tortildi hamda 258 nafari rasman ogohlantirildi. Jiddiy qonunbuzilishi holatlari yuzasidan 23 jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Investitsiya dasturlari ijrosini ta’minlash, shu jumladan, xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish va loyihalarni ishga tushirish borasidagi nazorat tadbirlari izchillik bilan davom ettirilmoqda.