Qutlovda soʻnggi yillarda prokuratura organlari faoliyatida amalga oshirilgan islohotlar natijasida ular xalqqa yaqin boʻlib, inson qadri, huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini bevosita joylarda taʼminlayotgan tizimga aylangani alohida taʼkidlandi.
Xususan, oʻtgan yilda qariyb 512 ming nafar fuqaroning buzilgan huquqlari tiklangani, 54 mingga yaqin murojaat, jumladan 29 mingga yaqin tadbirkorning masalalari ijobiy hal etilgani prokuratura organlari faoliyatining samaradorligini yaqqol koʻrsatib turibdi.
Mahallalarda jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan tizimli profilaktika ishlari asosida ogʻir toifadagi mahallalar soni qariyb 1,5 barobar kamaydi. Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish yoʻnalishida minglab huquqbuzarliklarning oldi olinib, davlat va jamiyat manfaatlariga yetkazilgan katta miqdordagi zararlar undirildi.
Prezident tabrigida raqamlashtirish, kiberjinoyatlarga qarshi kurashish, tergov jarayonlariga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ochiqlik va shaffoflikni yanada kuchaytirish dolzarb vazifa ekani alohida taʼkidlangan. Prokuratura xodimlari qonun ustuvorligi va adolat timsoli boʻlishi, xalq ishonchini oqlashi zarurligi qayd etilgan.
Davlat rahbari oʻz qutlovida prokuratura organlari xodimlariga masʼuliyatli va sharafli xizmatida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.
Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan prokuratura xodimlaridan bir guruhi orden va medallar bilan taqdirlangan edi. Bugungi tadbirda Prezident Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari Nodira Xakimova ushbu yuksak mukofotlarni topshirdi.