Proxy Planet va IT Park Uzbekistan GameDev va kibersport ekotizimini birgalikda rivojlantirishga kelishdi

    IT Park Uzbekistan delegatsiyasi biznesni rivojlantirish boʻyicha direktori Jahongir Radjabov rahbarligida Koreyaning “Proxy Planet” kompaniyasi bosh direktori Pak Yon Mok bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Uchrashuv doirasida tomonlar Oʻzbekistonning GameDev sanoatini rivojlantirishga qaratilgan hamkorlik memorandumini imzoladilar.

    Memorandumga koʻra, “Proxy Planet” va IT Park Koreya kompaniyalarini jalb etish uchun mustahkam xalqaro platformani yaratish, shuningdek, GameDev va elektron tijorat sohasidagi tashkilotlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha hamkorlik qilish niyatida. Hamkorlik IT-autsorsingni kengaytirish, Koreya bozori talablariga muvofiq yosh mutaxassislarni tayyorlash va Oʻzbekistonda oʻyin ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlashga qaratiladi.

    “Proxy Planet” 2023-yilda tashkil etilgan va Seulda joylashgan kompaniya boʻlib, GameDev sektoriga yoʻnaltirilgan biznesni qoʻllab-quvvatlashga ixtisoslashgan. Kompaniya firmalarga yangi bozorlarga kirib borish, relokatsiya yoki boshqa mamlakatlarda biznes yuritishda yordam berishga qaratilgan xizmatlarni taklif etadi. “Proxy Planet” oʻyinlarni ishlab chiqish, tadbirlarni tashkil etish va strategik sheriklikni izlash boʻyicha maslahatlar beradi. Shuningdek, oʻyinlarni ishlab chiqish boʻyicha taʼlim dasturlarini hamda investitsiyalarni jalb etish xizmatlarini ham taqdim etadi.

    Oʻzbekiston allaqachon Koreya bozorida autsorsing sohasida ishonchli hamkor sifatida oʻzini namoyon etdi. Aholisining oʻrtacha yoshi 29 boʻlgan va 31 milliondan ortiq mobil qurilma foydalanuvchisiga ega Oʻzbekiston, ayniqsa, yuqori texnologiyalar va raqamli xizmatlar sohasida global raqobatbardoshligini oshirishga faol intilib kelyapti.

    “Oʻzbekistonda raqamli sektorning rivojlanish surʼatlari meni hayratda qoldirdi, — dedi Proxy Planet bosh direktori Pak Yon Mok. — Va ishonchim komilki, bizning hamkorligimiz sezilarli natijalarga olib keladi”.

    “Koreyaning yetakchi oʻyin kompaniyalari bilan hamkorlikda biz GameDev sanoatini rivojlantirish uchun ekotizim yaratishimiz mumkin, — dedi IT Park biznesni rivojlantirish boʻyicha direktori Jahongir Radjabov. — Bu esa yoshlarimizga keng imkoniyatlar taqdim etadi. Biz “Proxy Planet” kompaniyasiga kelajakdagi yutuqlarga zamin yaratadigan ushbu hamkorlik uchun minnatdormiz”.

    “Proxy Planet” va IT Park oʻrtasida imzolangan memorandum Oʻzbekistonda zamonaviy GameDev ekotizimini yaratish uchun yangi istiqbollarni ochadi. Ushbu hamkorlik Oʻzbekiston va Koreya oʻrtasidagi xalqaro aloqalarni mustahkamlash va tajriba almashish yoʻlida muhim qadam boʻladi. Hamkorlik natijasida mahalliy mutaxassislar va yosh dasturchilar kasbiy oʻsish uchun noyob imkoniyatlarga ega boʻladilar, deb xabar beradi IT Park matbuot xizmati.