Mazkur qonun loyihasida ruhiy holati buzilgan shaxslarning huquqlari himoyasi, tibbiyot xodimlari va boshqa mutaxassislarning huquq va majburiyatlari, psixiatriya yordami turlari, psixiatriya yordamini koʻrsatish boʻyicha harakatlar ustidan shikoyat qilish tartibi qayd etilgan. Qonunga kiritilayotgan yangiliklardan biri ruhiy holati buzilishi qayd etilgan shaxslarni tibbiy ijtimoiy muassasalarga joylashtirish tartibiga aniqliklar kiritilayotganligi boʻlib, uning asosida amalda uchrayotgan byurokratik ovoragarchiliklarning oldi olinadi.
Loyihada psixiatriya xizmatida davlat va nodavlat tashkilotlar oʻrtasida samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, ruhiy holati buzilgan shaxslarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va psixiatriya yordami bilan taʼminlash, psixiatriya yordami koʻrsatuvchi shaxslar hamda muassasalar belgilanmoqda.
Shuningdek, “psixiatriya yordami”, “psixiatriya muassasasi”, “ruhiy holat buzilishi” kabi tushunchalarga aniq taʼriflar beriladi.
Qonun loyihasida alohida modda bilan respublikamizda ruhiy holati buzilganligi sababli dispanser kuzatuviga olingan shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, ularning psixiatriya muassasalarida qancha muddat boʻlganliklari, berilgan dori vositalari, koʻrsatilgan ijtimoiy xizmatlar va taqdim qilingan imtiyozlardan iborat maʼlumotlarning yagona elektron reyestri yuritilishini joriy qilish nazarda tutilmoqda. Bu esa sohadagi ishlarning holati toʻgʻrisida asosli va tezkor axborot olish, davolash profilaktika ishlarini toʻgʻri tashkil etish imkoniyatini yaratadi.
Hujjatda ruhiy holati buzilgan shaxslarni jamiyatda asossiz kamsitishga yoʻl qoʻymaslik shu bilan birga jamiyatni ruhiy holati buzilgan shaxslarning ijtimoiy xavfli qilmishlaridan himoya qilishga qaratilgan normalar ham oʻz aksini topgan.
Ruhiy kasallikka chalingan bemorlarning boshqa shaxslardan farqi baʼzi hollarda ularning muomalaga layoqatsiz deb topilishidir. Amaldagi qonunda bu jarayon toʻliq yoritilmagani uchun loyihada bu holatga ham aniqlik kiritilmoqda. Shuningdek, ruhiy buzilish qayd etilgan bemorlarning davolanishi, ijtimoiy hayotga qayta adaptatsiya qilinishi, manfaatlarini himoya qilinishiga doir tartiblar alohida belgilanadi.
Mazkur qonun loyihasi psixiatriya kasalliklariga chalingan insonlarning haq-huquqlari qonuniy himoya qilinishini taʼminlaydi, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.