Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Bagʻdod tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro G.D. “Qorakoʻl” MFY hududidagi dorixonada norasmiy faoliyat yuritib, fuqaro M.X.ga 100 dona “Gabapentin kanon” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasini 250 ming soʻmga sotgan vaqtida ushlanib, ushbu dorixonada 623 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Shuningdek, Departamentning Shayxontohur tuman boʻlimi, DXX va IIV xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda “J.I.” MCHJga qarashli dorixonasi sotuvchisi B.S. fuqaro J.N.ga shifokor retseptisiz tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddasi boʻlgan 2 quti “Benzanol” nomli dori vositasini 100 ming soʻmga sotgan vaqtida ushlanib, ushbu dorixonadan 300 dona dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olingan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.