Bu ishlar “Dolzarb 20 kun” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida amalga oshirildi, deya xabar beradi Toshkent viloyati IIBB axborot xizmati.
Viloyat IIBB 4-mintaqaviy hudud patrul-post xizmati inspektorlari hududda shubhali harakat qilgan 2002-yilda tugʻilgan B.B.ni toʻxtatib, tekshiruv oʻtkazdi. Xolislar ishtirokida oʻtkazilgan koʻzdan kechirish jarayonida uning yonidan uch dona qadoqlangan holdagi psixotrop modda — a-PVP topildi.
Shundan soʻng tuman IIB tezkor xodimlari bilan hamkorlikda qoʻshimcha tadbirlar oʻtkazildi. Natijada Toshkent tumani Qorasaroy mahallasi hamda Toshkent shahrining Yunusobod va Olmazor tumanlarida jami 21 ta joydan qadoqlangan holdagi giyohvand moddalar aniqlandi va ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirildi.
Hozirda ushlangan shaxsga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib oʻtamiz, giyohvandlik moddalari bilan qonunga xilof muomala qilish uchun 20-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.








