“PT. Pan Brothers Tbk” kompaniyasi Indoneziyaning yiliga 130 million dona tayyor kiyim ishlab chiqarish quvvatiga ega yirik kompaniyalaridan biri. Kompaniya jahon brendlari hisoblangan “Adidas”, “H&M”, “Lacoste”, “Columbia”, “The North Face” va boshqalar bilan yaqin hamkorlik qiladi.
Videokonferensiya davomida Oʻzbekistonning iqtisodiy salohiyati, xususan, toʻqimachilik sanoatining savdo va sarmoyaviy imkoniyatlari haqida maʼlumotlar taqdim etildi.
Muloqot davomida Oʻzbekiston kompaniyalari bilan “PT. Pan Brothers Tbk” oʻrtasida savdo, investitsiya va texnologiyalar transferi sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama qilindi.
“PT. Pan Brothers Tbk” kompaniyasi direktori va Indoneziya Toʻqimachilik uyushmasi raisi oʻrinbosari Anne Patrisiya Sutantoning qayd etishicha, kompaniya mamlakatda 25 ta fabrikaga ega. Ularda 38 ming kishining bandligi taʼminlangan. Korxona fabrikalarida ishlab chiqarilgan tayyor mahsulotlar AQSH, Yevropa Ittifoqi va Yaqin Sharq mamlakatlariga eksport qilinadi.
A.Sutanto ikki mamlakat toʻqimachilik kompaniyalari va uyushmalari oʻrtasida hamkorlikni yana-da rivojlantirishga tayyor ekanini bildirdi.
Tadbirda qoʻshma ishlab chiqarishni tashkil etish, toʻqimachilik klasterini yaratish, shuningdek, Oʻzbekiston ishlab chiqaruvchilari bilan mashhur brendlar mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha shartnoma tuzish va keyinchalik tayyor mahsulotlarni mintaqa mamlakatlariga eksport qilish taklif qilindi.
Muzokaralar natijasida tomonlar toʻqimachilik sanoatida savdo va sarmoyaviy hamkorlik boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirish uchun ishchi guruh tuzishga kelishib oldi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.