Joriy yilning 27-mart kuni 26 yoshli Norbek Sh. “iPhone 12 Pro” rusumli telefon apparatini 5 million 900 ming soʻmga sotishi haqida eʼlon beradi. Tez orada ushbu eʼlonga notanish yigit qoʻngʻiroq qilib, telefon apparatini sotib olmoqchi ekanligini maʼlum qiladi.
Norbek Yangihayot tumanidagi 3-metro bekati oldida joylashgan avtobus bekatida xaridor bilan uchrashishga kelishadi. Notanish yigit deyarli savdolashmay, kelishilgan pulni Norbekka berib, telefonni olib ketadi.
Norbek pullarni sanaganida bir nechta pullarning haqiqiyligiga shubhalangan va bu holatga oydinlik kiritish maqsadida Toshkent shahar IIBBga ariza bilan murojaat qilgan.
Oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruv jarayonida Norbekdan 10 dona 200 000 soʻmlik va 5 dona 100 000 soʻmlik, jami 2 500 000 soʻm miqdoridagi pullar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Ushbu pul birliklarini aniqlash maqsadida Toshkent shahar IIBB Ekspert-kriminalistika markazi ekspertlari tomonidan ekspertiza oʻtkazilgan. Ekspertiza xulosasiga koʻra ushbu pul birliklari qalbaki ekanligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Yangihayot tumani IIO FMB huzuridagi Tergov boʻlimi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 176-moddasi («Qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qogʻozlar yasash, ularni oʻtkazish») bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.