Aeroportda yoki qoʻshni mamlakatlar bilan chegaradosh hududlarda ushbu testlarning QR-kodlari tekshirilganda, qalbaki ekani aniqlanmoqda.
“Oʻzbekiston havo yoʻllari” Matbuot xizmati xabariga koʻra, mamlakatdan chiqib ketish uchun faqatgina joʻnash vaqtidan 72 soat oldin amalga oshirilgan PZR-testining “salbiy” natijasi oʻz kuchiga ega boʻladi.
Yurtimiz hududidagi PZR-test topshirish uchun litsenziyaga ega boʻlgan laboratoriyalar roʻyxati Cogʻliqni saqlash vazirligining rasmiy veb-saytida taqdim etilgan .
Shu bois, fuqarolarimizdan bu borada eʼtiborliroq boʻlishni va quyida keltirilgan test natijalari originalini qalbakisidan ajratishni hamda qalbaki natijalarni sotib olmasliklarini soʻrab qolamiz.
Eslatib oʻtamiz, bunday holatlar aniqlansa, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 228-moddasiga koʻra, hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish boʻyicha jinoiy ish qoʻzgʻatiladi.
Hamyurtlarimiz qalbaki PZR-test natijalarini sotib olib, Oʻzbekiston chegarasidan chiqib ketgan taqdirda ham oʻzga davlat aeroportlarida qoʻlga tushib, qaytib deport qilinadi. Shu bilan birga, ular jinoiy javobgarlikka ham tortiladi, deya xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati.
Shuningdek, Rossiyaga Oʻzbekiston hududidan chiqib ketayotgan fuqarolar uchun 2021-yilning 1-sentyabridan “Puteshestvuyu bez COVID” (“COVID”siz sayohat qilaman”) ilovasidan foydalanish majburiy boʻladi. Ilovaning funksionalligi shundaki, u Rossiyadagi masʼul shaxslarga ham har qanday smartfonda standart QR-kod yordamida test natijalarini tekshirish imkonini beradi.
Ushbu ilova ham mamlakatimizda tasdiqlangan laboratoriyalar roʻyxatini oʻz ichiga oladi. Test natijalari va ularning QR-kodlarini fuqarolarning oʻzlari bevosita ilovada saqlab qolish imkoniyatiga ega boʻladilar.