Bugun Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi tizimidagi oliy va oʻrta - maxsus taʼlim muassasalarida 2023 – 24 oʻquv yili uchun abituriyentlarni oʻqishga qabul qilish jarayonlarida korrupsion holatlarning oldini olish va byurokratik toʻsiqlarga barham berish mavzusida oʻquv seminari tashkil etildi.
Tadbirda qoʻmita Yuridik taʼminlash boʻlimi bosh mutaxassisi K.Kariyev va 1 - boʻlim bosh mutaxassisi A.Qambarov, sohalar prorektorlari, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari, boʻlim boshliqlari, Qabul komissiyasi va Korrupsiyaga qarshi kurashish “Kompleks nazorat” tizimini boshqarish boʻlimi masʼullari ishtirok etishdi.
Tadbirni universitet rektori, professor Yunusov ochib berdi.
Davlat xizmatchisi, xokimiyat vakili yoki mansabdor shaxs oʻz vakolatini suiisteʼmol qilishi oqibatida kelib chiqadigan bu holatlar, avvalo fuqarolarning jamiyatga boʻlgan ishonchiga putur yetkazadi.
Maʼruzachilar tomonidan bu illatning oldini olishda, avvalo aholining huquqiy savodxonligini, xabardorligini oshirish muhim ahamiyat kasb etishi haqida aytildi. Jumladan, yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyada, shuningdek, qonunosti meʼyoriy hujjatlarimizda korrupsiyani oldini olish, unga jazo tayinlash va hokazo holatlar xususida batafsil maʼlumotlar berilganligi va har bir fuqaro buni albatta bilishi, hayoti davomida unga amal qilinishi lozimligi xususida fikr – mulohazalar bayon etildi.
Tadbir davomida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi raisi B.Norqobilovning videomurojaati namoyish etildi. Har qanday korrupsion vaziyat yuz berganda, Ishonch telefonlari orqali qoʻmitaga murojaat qilinishi lozimligi aytildi.
Samarqand shahar prokurori yordamchisi O.Hamroyev Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 210 – moddasi boʻyicha sodir etilgan jinoyatlar 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishiga sabab boʻlishi xususida maʼlumot berdi.
Shuningdek, ishtirokchilar eʼtiboriga porahoʻrlik va boshqa illatlar aks etgan videorolik ham namoyish etildi.
Universitetda qabul jarayonlari ochiq, shaffof holda va talablar darajasida oʻtishi taʼminlanadi, korrupsion holatlarga yoʻl qoʻyilmaydi.
Bu haqida universitet rektori, professor Yunusov maʼlum qildi.
G.Berdiyorova
Axborot xizmati