“Qadimgi Poykent” arxeologik yodgorligi muzeyga aylantiriladi va arxeologik park barpo etiladi

    Vazirlar Mahkamasining Buxoro viloyati, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatining 2022-2026-yillarda turistik salohiyatini kompleks rivojlantirish toʻgʻrisidagi qarorlari qabul qilindi.

    Hujjatlar ushbu hududlarda turizmni rivojlantirishga qaratilgan qator chora-tadbirlar hamda yillik maqsadli koʻrsatkichlarni nazarda tutadi.

    Xususan, qarorda Qoraqalpogʻiston Respublikasida Moʻynoqdagi turizm masalalariga oid xalqaro konferensiya oʻtkazish, shuningdek, Qoraqalpogʻistonning har bir shahar va tumanidan 500 nafar aholini respublikaning turistik hududlariga yuborilishini tashkillashtirish vazifalari belgilandi.

    Xorazm viloyatida:

    -Xorazmshohlar davlat muzeyini tashkil etish;

    -“Xorazm” turistik brendini yaratish boʻyicha tanlov oʻtkazish;

    -2024-yilga qadar Xiva shahrigacha tezyurar poyezdni yoʻlga qoʻyish;

    -“Urganch-Boku-Urganch”, “Madrid-Urganch-Toshkent” yoʻnalishlari boʻyicha, shuningdek, Pokiston, Indoneziya, Yaqin Sharq va Yevropa mamlakatlaridan muntazam aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish;

    -turistik mahallalarni barpo etish vazifalari tasdiqlandi.

    Buxoro viloyatida:

    -2022-2026-yillarda Buxoroga sayyohlar oqimni (mahalliy va xorijiy) 5 million nafarga, ushbu sohada eksport hajmini 600 million AQSH dollariga yetkazish;

    -800 dan ziyod madaniyat obyektlarini birma-bir restavratsiya qilish;

    -“Street Food” gastronomik koʻchasini barpo etish;

    -“Qadimgi Poykent” arxeologik yodgorligini muzeyga aylantirish va arxeologik park barpo etish;

    -Turkiya, Buyuk Britaniya, Fransiya muzeylarida saqlanayotgan, Abu Ali Ibn Sino qalamiga mansub qoʻlyozmalar nusxalarini shakllantirish va Buxorodagi muzeyga joylashtirish;

    -Buxoro jayronlar pitomnigini sayyohlik maskaniga aylantirish;

    -yoshlar turistik forumini oʻtkazish boʻyicha rejalar qayd etildi.

    Hukumat qarorlarida, shuningdek, ushbu hududlardagi boʻsh turgan yerlarni auksion orqali mehmonxona va xostellar qurilishi uchun ajratish nazarda tutilgan.