Bu haqda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti xabar berdi.
Toshkent viloyati hokimligi homiyligida amalga oshirilayotgan arxeologik qazishmalarning navbatdagi kunida institut arxeologlari tomonidan noyob topilma – milodiy 10-11-yuzyilliklarga oid devoriy suratlar aniqlandi.
Suratlar qadimgi Qanqa shahri shahristonida joylashgan katta karvonsaroy hududida topildi. Qadimgi shaharning janubiy darvozasidan taxminan 60 metr masofada joylashgan bu karvonsaroyning umumiy oʻlchami taxminan 100×70 metrni tashkil etadi. Bino oʻzining meʼmoriy mahobati bilan ajralib turadi.
Karvonsaroy xonalaridan birida olib borilayotgan qazuv jarayonida xonalar devorlaridan qulab tushgan devoriy surat boʻlaklari aniqlandi. Ular 25×30, 15×20 va 30×35 santimetr oʻlchamda boʻlib, bu karvonsaroy xonalari devoriy suratlar bilan bezatilganini tasdiqlaydi.
Topilmalar arablar bosqinidan keyin maʼlum vaqt yoʻqolib ketgan devoriy bezak sanʼati Toshkent hududida ham 10–11-yuzyilliklarda qayta tiklanganini koʻrsatadi.
Arxeologik maʼlumotlarga koʻra, shunga oʻxshash devoriy rasmlar Samarqand va Axsikent yodgorliklarida ham aniqlangan. Madaniy meros agentligi Samarqand arxeologiya instituti restavratorlari ishtirokida oʻrganilayotgan ushbu suratlar Toshkentda ham devoriy suratchilik maktabi mavjud boʻlganini koʻrsatadi.
Yodgorlikda 2023-yilda olib borilgan arxeologik izlanishlar davomida 5–7-yuzyilliklarga oid devoriy suratlari qayd etilgan edi.
Qanqa shahridagi ushbu topilma nafaqat hududning madaniy hayoti va sanʼat rivojini yoritishda, balki Toshkent vohasi oʻrta asrlar tarixini yangi qirradan oʻrganishda muhim ahamiyat kasb etadi.








