Dastlabki festival doirasidagi birgina “Rishton moviy afsonasi” ko‘rgazmasida kulollikning 800 xildan ortiq nodir ko‘rinishlari namoyish qilingan, tarixiy ziyoratgohlari, hunarmandligiyu milliy liboslari, urf-odat va qadriyatlari, ayniqsa, xalq og‘zaki ijodi tarannum etilgandi.
Prezidentimizning 2022 yil 29 iyuldagi “Turkiy davlatlar bilan turizm sohasidagi hamkorlikni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilda Farg‘ona viloyati hokimligi, Madaniyat va turizm vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi tomonidan Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti — TURKSOY bilan hamkorlikda Qo‘qon shahrida ilk bor Turkiy tilli yoshlar festivali o‘tkazilmoqda.
Festival yosh avlodning xalqlarimiz tarixi va milliy-madaniy merosiga mehrini oshirish, Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar bilan turizm sohasidagi hamkorlikni targ‘ib qilish, yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish, turizm sohasiga keng jalb etish, istiqbolli g‘oya va loyihalarini amalga oshirish maqsadida tashkil etildi.
11 iyul kuni tantanali ochilgan tadbirda festivalni har ikki yilda o‘tkazib turish belgilangani eslatib o‘tildi.
Festival ishtirokchilari 3 kun davomida kitobxonlik kuni, milliy va etnosport turlari bo‘yicha musobaqalar, madaniy-ko‘ngilochar tadbirlar, yoshlar uchun biznesni tashkil qilish, hunarmandlik mahsulotlarini tayyorlash bo‘yicha davra suhbatlari ishtirokchisi hamda guvohi bo‘lishadi. Bundan tashqari, yoshlar taniqli teatr va kino ijodkorlari bilan ijodiy muloqotlar qilishi, mamlakatimizdagi xorijiy elchixonalar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazishi ko‘zda tutilgan. Turkiy tilli yoshlarning do‘stlik kechasi, Qo‘qon shahridagi diqqatga sazovor joylarga sayohat, milliy hunarmandlik mahsulotlari ko‘rgazmasi, Rishtondagi xalqaro kulollik markazi hamda Uchko‘prik tumanidagi “Mehrigiyo” kichik korxonasining lavanda bog‘lariga tashrif yoshlarda unutilmas taassurot qoldirishiga shubha yo‘q.
Darvoqe, festivalga yurtimizning barcha hududlaridan, shuningdek, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Turkiyadan jami 200 nafardan ziyod faol yosh va talaba taklif etilgan.
Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari Xurshid Ahmedovning aytishicha, ochiq muloqot ruhida o‘tkazilayotgan tadbirlar davomida yoshlarimiz qardosh mamlakatlardan kelgan tengdoshlari bilan hamkorlikda keyingi faoliyati uchun muhim bo‘lgan g‘oya va loyihalar borasida fikr almashmoqda. Buning uchun B2B formatda uchrashuvlar tashkil etilyapti, tadbirkorlik sub’eklarini taklif etgan holda barcha imkoniyatlar yaratib berilmoqda.
Xalqaro festival 15 iyul kuni shahardagi O‘rda maydonida tantanali yakunlanadi.
Munojat MO‘MINOVA,
“Yangi O‘zbekiston” muxbiri