Noyob yozma va toshbosma merosni saqlash va tadqiq qilish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Islom sivilizatsiyasi markaziga jamoatchilik uchun ochiq boʻlgan Qadimiy yozma manbalar davlat reyestrini shakllantirish va davlat tasarrufidagi muzeylar, kutubxonalar va arxiv fondlari faoliyatiga integratsiya qilish topshirildi.
Mazkur qaror asosida quyidagicha tartib oʻrnatilmoqda, unga muvofiq Markaz:
respublika hududidagi barcha muzeylar, kutubxonalar va arxiv fondlarida saqlanayotgan qadimiy yozma manbalarning davlat reyestrini tuzadi va doimiy monitoringini yuritadi;
Davlat reyestri asosida qadimiy yozma manbalarning turlari boʻyicha (qoʻlyozma, toshbosma manbalar, tarixiy hujjatlar) kataloglari va elektron nusxalarini yaratadi;
Markaz va Sharqshunoslik institutida markazlashgan holda saqlanadigan va Davlat reyestriga kiritilgan qadimiy yozma manbalarning holati, doimiy monitoring va tadqiq etilishi natijalari haqidagi maʼlumotlarning muntazam ravishda maxsus portallar va OAVda eʼlon qilinishini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi va Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti bilan birgalikda qadimiy yozma manbalarning konservatsiyasi va restavratsiyasi bilan shugʻullanayotgan soha xodimlarining muntazam ravishda kasbiy salohiyati va malakasini oshirish, shuningdek, soha uchun yetuk mutaxassis kadrlarni tayyorlash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi.
Markaz huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Qadimiy yozma manbalarni konservatsiya va restavratsiya qilish laboratoriyasi tashkil etiladi. U muzeylar, kutubxonalar va boshqa muassasalarning arxiv fondlarida, jismoniy va yuridik shaxslarda saqlanayotgan qadimiy yozma manbalarni ularning buyurtmasi asosida taʼmirlash ishlarini amalga oshiradi.
2022/2023 oʻquv yilidan boshlab Milliy rassomlik va dizayn institutida “Qadimiy yozma manbalar konservatsiyasi va restavratsiyasi” taʼlim yoʻnalishida kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi. Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi “Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik” taʼlim yoʻnalishi boʻyicha tayanch oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi. Bundan tashqari, internetda yurtimiz allomalari va mutafakkirlarining hayoti hamda maʼnaviy merosi haqidagi ilmiy-maʼrifiy portal va uning mobil ilovasi ishga tushiriladi.
Davlat reyestrini shakllantirish, ilmiy-maʼrifiy portal va uning mobil ilovasini ishga tushirish bilan bogʻliq xarajatlar Markaz uchun davlat byudjetida nazarda tutilgan maqsadli mablagʻlar hamda keyinchalik uni saqlash va faoliyatini taʼminlash bilan bogʻliq xarajatlar Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan qoplanadi.