Xabar berganimizdek, poytaxtimizda vazirlik, hokimlik, tashkilot va idoralar rahbarlarining davlat tilida ish yuritish boʻyicha maslahatchilari ishtirokida “Tilimiz taraqqiyoti yoʻlida birlashsak, ulkan qudratmiz” shiori ostida birinchi respublika seminari boʻlib oʻtdi.

Kecha seminar qatnashchilari Yozuvchilar uyushmasining katta marosimlar zalida boʻlib oʻtgan Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi tomonidan anʼanaviy tarzda tashkillashtirib kelinayotgan “Qadring baland boʻlsin, ona tilim!” respublika tanlovi gʻoliblarini taqdirlash marosimida hozir boʻldilar.

Tanlov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil 21-oktyabrdagi “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” hamda 2020-yil 20-oktyabrdagi “Mamlakatimizda oʻzbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonlari ijrosini taʼminlash, davlat tilining hayotimizdagi oʻrni va nufuzini oshirish maqsadi, shuningdek, oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 34 yilligiga bagʻishlab oʻtkazildi.

Tadbirda Davlat tilini rivojlantirish departamenti masʼul xodimlari, vazirlik va idoralar rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimlarining davlat tili boʻyicha maslahatchilari, tilshunos, adabiyotshunos olimlar, shoir va yozuvchilar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ham ishtirok etdi.

Departament rahbari Nodir Xolboʻtayev oʻz soʻzida oʻzbek tilining nufuzini oshirish borasidagi saʼy-harakatlar, tizimli ishlarga toʻxtalib, seminar ishtirokchilarining kelgusi ishlariga muvaffaqiyat tiladi. Mamlakatimizda Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun – millat, maʼnaviyat va maʼrifat bayrami sifatida keng nishonlanayotgani, keyingi yillarda ona tilimiz mavqei va maqomini yuksaltirish borasidagi ishlar mutlaqo yangicha bosqichga koʻtarilgani haqida alohida toʻxtalib oʻtdi.

– Maʼnaviyatning muhim asoslaridan biri bu til va maʼnaviy merosga munosabatdir. Yurtimizda bu sohaga koʻrsatib kelinayotgan uzluksiz va qatʼiy eʼtibor, til va adabiyot, maʼnaviyat va maʼrifatga millat koʻzgusi va xalq ruhi sifatidagi qarashlar hamda yondashuv hamma yerda ham mavjud emas, – deydi madaniyat vazirining davlat tili masalalari boʻyicha maslahatchisi Shavkat Ortiqov. – Soʻnggi yillarda mamlakatimizda oʻzbek tilini rivojlantirish, uning hayotimizdagi oʻrni va taʼsirini oshirish borasida yangi bosqich boshlanganiga bugun hammamiz guvohmiz.

Maʼlumki, har bir xalqning tili shu davlatning timsoli, mulki, ruhi, madaniy va maʼnaviy boyligi, qolaversa, shu millatning madaniyati, urf-odati, turmush tarzini ifodalovchi eng muhim vositadir. Shukrki, mustaqillik sharofati bilan ona tilimiz, bebaho boyligimiz oʻzimizga qaytdi. Bu yoʻlda ne-ne ajdodlarimiz zahmat chekib, mehnat qilgan, umrlarini bagʻishlagan.

Ulugʻ mutafakkir bobomiz Hazrat Alisher Navoiy oʻzbek tilining oʻz davrida taomilda boʻlgan boshqa tillardan aslo qolishmasligini, aksincha eng boy va qadimiy til ekanini asarlari, xususan, besh dostondan iborat “Xamsa”si orqali isbotlab bergan. Binobarin, bu tilning “Navoiy tili” deb atalishi ham bejiz emas.

“Hammamizga ayonki, koʻp millatli xalqimizni yuksak maʼrifatli jamiyat barpo etishdek ezgu maqsad yoʻlida jipslashtirish, yurtdoshlarimiz qalbiga yagona Vatan, umumiy farovon kelajak tuygʻusini singdirishda oʻzbek tili birlashtiruvchi ahamiyatga egadir”, degan edi davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev. Shu maʼnoda “Qadring baland boʻlsin, ona tilim!” tanlovi oʻz oldiga qoʻygan oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirish, davlat tilini milliy qadriyat sifatida targʻib qilish, unga nisbatan milliy gʻurur hissini tarbiyalash, eng muhimi, davlat tiliga oid muammolarni hal qilishda ilmiy-amaliy yondashuvni rivojlantirish kabi maqsadlarga erishish yoʻlida dadil qadam tashlamoqda, deyish mumkin.

Bu yil tanlov “Davlat tili ustuvorligi taʼminlangan eng namunali hudud” va “Davlat tilida ish yuritish yoʻlga qoʻyilgan eng yaxshi tizim” yoʻnalishlarida tashkil etildi. Birinchi yoʻnalishda Buxoro viloyatining Shofirkon tumani, ikkinchi nominatsiya boʻyicha Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.

Shuningdek, tanlovda faol ishtirok etgan tuman hokimliklari hamda respublika idoralari vakillari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasining maxsus sovgʻalari bilan ragʻbatlantirildi.

Bundan tashqari, oʻzbek tilining qudrati va goʻzalligini tarannum etgan hamda joy nomlari haqida maʼlumot beruvchi “Ona tilim – mangu makonim”, “Oʻzbekiston joy nomlari” kitoblarini tayyorlash va nashr etishda faol qatnashgan ijodkorlar, Davlat tilini rivojlantirish departamentining telegram ijtimoiy tarmogʻidagi kanali orqali oʻtkazilgan “Ona tilim – gʻururim, faxrim” tanlovining gʻoliblari esdalik sovgʻalari va kitoblar jamlanmalari bilan taqdirlandi.

– Har bir ishda koʻzlangan maqsadga erishish uchun hamjihatlik katta ahamiyat kasb etadi, – deydi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirining davlat tili masalalari boʻyicha maslahatchisi Matnazar Elmurodov. – Oʻzbek tili jonajon Vatanimizda yashayotgan barcha fuqarolarimiz uchun aziz va qadrli tilga aylanishi, uning jozibadorligini oshirish uchun hammamiz birgalikda harakat qilishimiz, islohotlarni oʻzimizdan boshlashimiz, tilimiz uchun jon kuydirishimiz zarur. Bunda daxldorlik tuygʻusi juda muhim oʻrin tutadi. Yaʼni tilimizga boʻlgan hurmatimiz uyda, koʻchada, jamoat joylarida, oʻquv-taʼlim muassasalarida yaqqol sezilishi, soʻzlashuv madaniyatimizda oʻz ifodasini topishi shart.

Nodir MAHMUDOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri