Anjumanda Xorazm viloyati hokimligi vakillari, oʻzbek filologiyasi fakulteti professor-oʻqituvchilari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi. Anjumanni universitetning ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori Z.Ibragimov kirish soʻzi bilan ochib, tilimizning millat tarixi va bugunidagi oʻrni, ahamiyati haqida oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi.
Konferensiya davomida tilimizning qadr-qimmatini asrash, bugungi globallashuv jarayonida unda paydo boʻlayotgan nojoʻya soʻzlarning maʼnosini oʻsib kelayotgan yosh avlodga tushuntirish, ona tilimizning oʻziga xosligi, nufuzi va maqomini oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida atroflicha fikr yuritildi.
Anjumanga “Yosh notiqlar” koʻrik-tanlovi bayram soni ulanib ketdi. Ushbu tanlov oʻzbek filologiyasi fakulteti tashabbusi bilan anʼanaviy tarzda oʻtkazilib kelinadi.
Birinchi shartda ishtirokchilar oʻzi haqidagi maʼlumotlarni sheʼriy va nasriy yoʻl orqali bayon qilgan boʻlsa, ikkinchisida Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi mavqei, bu borada qabul qilingan qaror va farmonlar boʻyicha tuzilgan savollarga javob berib, oʻzlarining bilim va salohiyatlarini namoyon qilishdi.
Hakamlar hayʼatining xulosasiga koʻra:
1-oʻringa 206-guruh talabasi Sevara Saʼdullayeva, 2-oʻringa 202-guruh talabasi Sharifa Bekchanova, 3-oʻringa 203-guruh talabasi Mohichehra Rustamova va 213-guruh talabasi Azizbek Ibragimovlar munosib koʻrildi.
Tadbir yakunida koʻrik-tanlov gʻoliblari hamda faol ishtirok etgan talabalar, shuningdek, oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 34 yilligi munosabati bilan tashkil qilingan "Qadring baland boʻlsin, ona tilim" mavzusidagi insholar, "Ona tilim abadiy" mavzusidagi ifodali oʻqilgan sheʼrlar tanlovlari gʻoliblari munosib taqdirlandi.
UrDU Matbuot xizmati