Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini yana-da oshirish, uni milliy qadriyat sifatida targʻib qilish hamda davlat tiliga oid muammolarni hal etishda ilmiy-amaliy yondashuvni rivojlantirish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligiga bagʻishlab, Qadring baland boʻlsin, ona tilim respublika tanlovi eʼlon qilinadi.

Tanlov tashkilotchilari – Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Innovatsion rivojlanish vazirligi.

Tanlov uchta yoʻnalishda oʻtkaziladi.

Birinchi – Davlat tili ustuvorligi taʼminlangan eng namunali hudud” yoʻnalishida mahalliy ijro etuvchi tuman va shahar hokimliklari ishtirok etadi.

Ikkinchi yoʻnalish gʻoliblari – “Davlat tilida ish yuritish yoʻlga qoʻyilgan eng yaxshi tizim” vazirlik, idora, xoʻjalik birlashmalari orasidan aniqlanadi.

Uchinchi – Oʻzbek tilini rivojlantirishga qaratilgan eng yaxshi ilmiy-amaliy loyiha yoʻnalishida ilmiy tashkilotlar, oliy va oʻrta-maxsus taʼlim muassasalari qatnashadi.

Tanlov joriy yilning 10-iyunidan 10-sentyabriga qadar boʻlgan muddat oraligʻida oʻtkaziladi va gʻoliblar 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni arafasida eʼlon qilinadi.

Tanlov gʻoliblari qimmatbaho sovrinlar bilan taqdirlanadi.

Darvoqe, ularning davlat tilini rivojlantirish borasidagi tashabbuslari respublikamiz miqyosida ommalashtiriladi.

Tanlov haqidagi batafsil maʼlumot bilan www.til.gov.uz saytida tanishasiz.

Tilimizning taqdiriga befarq boʻlmang va Qadring baland boʻlsin, ona tilim respublika tanlovini ijtimoiy tarmoqlarda #qadribalandonatilim kalitsoʻzi bilan ommalashtiring.