“Bu muammolarning har biri alohida-alohida xavfli. Lekin ular bir boʻlib harakat qilayotgani yanada jiddiy tahdidni yuzaga keltiradi”, – dedi Prezidentimiz.

Yigʻilish Toshkent shahrida oʻtayotgani bejiz emas. Soʻnggi toʻqqiz yilda poytaxtning doimiy aholisi 1 millionga koʻpaydi, transport vositalari 2 karra ortib, 800 mingga yetdi. Kuniga yana 1 million odam keladi, 350 ming transport kirib-chiqadi.

42 ta maktab, 426 ta bogʻcha, qariyb 36 million kvadrat metr savdo obyekti va 145 ming xonadonli uy-joy qurildi. Poytaxt iqtisodiyoti 367 trillion soʻmdan, uning jon boshiga yillik hajmi esa 116 million soʻmdan oshdi.

Yaʼni Toshkent shahri nafaqat vazirliklar joylashgan maʼmuriy hudud, balki respublikaning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy markazi sifatidagi oʻrnini yanada mustahkamladi. Bir soʻz bilan aytganda, poytaxtda iqtisodiy rivojlanish darajasi sezilarli oshdi.

Qayerda hayot sifati yaxshilansa, daromad koʻpaysa, oʻsha yerda “yengil pul topish” harakatida boʻlgan jinoiy tuzilmalar ham faollashadi. Jinoyatning yangi usul va vositalari ham, eng avvalo, shu yerda paydo boʻladi.