Xovos tumanining “Qahramon” va “Binokor” mahallalari tuman markazidan ancha olisda joylashganligiga qaramay, sektor xodimlari bu hududlardan qadamini uzmaydilar. Ularning saʼy-harakatlari bilan bugun ushbu mahallalarda keng koʻlamli obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.
“Qahramon” mahallasida uzoq yillar burun barpo etilgan va yaqinlar kunlargacha abgor holatga kelib qolgan ikki qavatli uylar oqlandi. Tor va qingʻir-qiyshiq, oʻydim-chuqur koʻchalar kengaytirilib, shagʻallar yotqizildi. Mahalladagi maktab va madaniyat muassasalari sayqallashtirildi. Bolalarning sport bilan muntazam shugʻullanishlari uchun ularga qulay shart-sharoitlarni yaratib berish maqsadida “street workout” sport maydonchasi barpo etildi.
Aholi yashash xonadonlarining koʻrkam qiyofa kashf etishi, farovon turmush uchun barcha qulayliklarning yaratilishi fuqarolarimiz koʻnglida ertangi kunga yana-da ishonch paydo qilgani shubhasizdir.
— Mahallamizdagi mavjud 26 ta ikki qavatli uylarning 18 tasi obod qilindi, — deydi “Qahramon” MFY raisi oʻrinbosari Nafisa Usmonqulova. — mahallamiz nomidan 4-sektor rahbariyatiga tashakkur bildiraman.
Mahalla markazidagi 10-maktab binosi 1981-yilda barpo etilgan boʻlib, joriy taʼmirga muhtoj boʻlib qolgan edi. 700 ga yaqin oʻquvchilarni quchogʻiga olgan ushbu maktabda havas qilsa arzigulik ishlar bajarildi.
— 4-sektor tomonidan Maktabimiz devorlarining ichki va tashqi koʻrinishlariga ranglar berildi, tomlari yangilandi, — deydi maktabning rus tili fani oʻqituvchisi Fotima Abdiyeva. — Oshxonamizga stol-stullar keltirildi, sport zali, oʻquvchilarning kiyim almashtirish xonalari taʼmirlab berildi.
“Qahramon” mahallasidan bir necha chaqirim uzoqlikda joylashgan “Binokor” mahallasi Xovos tumanining eng chekka aholi manzili hisoblanadi. Bugun mazkur mahallaning qiyofasi tubdan oʻzgartirilib, yangicha zamonaviy koʻrinishga keltirilmoqda. Mahalla oʻrta qismidan oʻtgan katta ariqning ikki tomonidagi yoʻlaklarga shagʻal tashlanib, beton qoplamalar bilan yopilmoqda.
Yaqinda qurib bitkazilgan “street workout” sport maydonchasi allaqachon bolalarni oʻz bagʻriga chorlab ulgurdi. Hozirda uning yonida bunyod etilayotgan mini-futbol sunʼiy maydoni ham yaqin kelajakda ishga tushirilsa, sportga ishtiyoqmand yoshlarning koʻpayishiga xizmat qilishi tayin. Sal nariroqda 30 sotixli maydonda barpo etilayotgan issiqxona 30 nafar yoshlarning istiqboli uchun koʻzlab qilinyapti. Bundan tashqari:
— Mahallamizning 87 nafar yoshlariga 50 sotixdan yer maydonlari ajratib berildi, — deydi “Binokor” MFY raisi Baxtiyor Shodmonqulov. — hozir ular oʻz ekin mahsulotlarini ekib, bandligi taʼminlangan.
Obodlik bor joyda, fayzu baraka, rivojlanish boʻladi. Muhimi, bu xayrli ishlar yakuniga yetkazilsa, aholini bir necha yillardan beri qiynab kelayotgan masalalar yechiladi, insonlarning oʻz hayotiga boʻlgan ishonchi yuksalib, yashashga, kelajakka boʻlgan intilishi kuchayadi.
Husan ISOQULOV,
Sirdaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi bosh inspektori