Bu haqda Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida xizmat vazifasini bajarish chogʻida mardlarcha halok boʻlgan kichik serjant Hosilbek Eshnazarov xotirasiga bagʻishlangan yodgorlik majmuasi ochildi.

Marosimda Ichki ishlar vazirligi rahbariyati, poytaxt jamoatchiligi, Hosilbek bilan yelkama-yelka xizmat qilgan safdoshlari hamda marhumning oila aʼzolari ishtirok etdi. Tadbir davomida xizmat vazifasini bajarish chogʻida halok boʻlgan xodimlar xotirasiga bagʻishlangan lavha yonida qahramonlar ruhi yod etildi, ular poyiga gulchambarlar qoʻyildi.

Tadbirda soʻz olganlar Hosilbek Eshnazarovning fidokorona xizmat faoliyati, burchga sadoqati va mardligi haqida alohida toʻxtaldi. Qayd etilganidek, u Vatan osoyishtaligi yoʻlida jon fido qilgan jasur oʻgʻlonlar safida munosib oʻrin egalladi.

Ichki ishlar vaziri Hosilbekning ota-onasi — Beknazar ota va Dilorom opaga murojaat qilib, burchga sadoqatli, mard farzandni tarbiyalagani uchun shaxsiy tarkib nomidan minnatdorlik bildirdi. Taʼkidlanishicha, davlat rahbarining huquq-tartibot tizimi xodimlariga boʻlgan eʼtibori va ishonchi ularni yanada fidoyi xizmat qilishga undamoqda.

Tadbirda Hosilbek Eshnazarovning porloq xotirasi davlat tomonidan yuksak eʼtirof etilgani ham alohida qayd etildi. Prezident farmoniga muvofiq, u “Jasorat” medali bilan mukofotlangan boʻlib, mazkur mukofot Ichki ishlar vaziri tomonidan uning otasiga tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, Prezident sovgʻasi sifatida Eshnazarovlar oilasiga uch xonali xonadon taqdim etildi.

Marosimda soʻzga chiqqan Hosilbekning safdoshlaridan biri oʻsha mashʼum tunni eslab, agar u jinoyatchini oʻz tanasi bilan toʻxtatmaganida hodisa yanada ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkinligini taʼkidladi. Bu esa uning haqiqiy jasorati va burchga sadoqatini yana bir bor namoyon etadi.

Maʼlum qilinishicha, Qashqadaryo viloyati Gʻuzor tumanidagi 62-umumtaʼlim maktabida ham Hosilbek Eshnazarov xotirasiga bagʻishlangan yodgorlik barpo etiladi. Bu maskan yoshlar qalbida Vatanga muhabbat va burchga sadoqat timsoliga aylanishi kutilmoqda.

Taʼkidlash joiz, mustaqillik yillarida 118 nafar ichki ishlar xodimi xizmat vazifasini bajarish chogʻida halok boʻlgan. Hosilbek Eshnazarovning nomi ham ana shunday mard va fidoyi oʻgʻlonlar qatorida zarhal harflar bilan bitildi.

Burch va qasamyodiga sodiq qolgan YPX inspektori Hosilbek Eshnazarovning porloq xotirasi xalq qalbida mangu yashaydi.