Bayram kunlarida ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va faxriylari, keksa avlod vakillarini har tomonlama e'zozlash, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan hamda ko'makka muhtoj insonlarning holidan xabar olish, ularga beg'araz yordam ko'rsatish kabi xayriya tadbirlari ommaviy harakatga aylanib borayotgani quvonarlidir.

Xususan, bayram munosabati bilan Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov Qiziltepa tumanida yashovchi ikkinchi jahon urushi qatnashchilari Rashida aya Ishkulova va Shukur bobo Xomitovlar xonadonlarida bo'lib, qahramonlarning holidan xabar oldi.

Suhbat jarayonida Rashida Ishkulova 1943 yilda urushga ketgani, “Marshal Rakasovskiy” 36920-harbiy front gospitalida hamshira bo'lib, askarlarga jang paytida tibbiy yordam ko'rsatgani hamda 1943-45 yillarda Germaniya ostonasi Berlin shahrigacha harbiy hamshira sifatida xizmat vazifasini o'tagani haqida o'z xotiralari bilan o'rtoqlashdi.

Bugungi kunda onaxon 4 nafar  farzandlari ardog'ida, yurtimiz  qahramoni sifatida doim e'zozda ekanligini ta'kidladi.

Shuningdek, viloyat hokimi  Shukur Homitov holidan ham xabar oldi. 

1942 yilda Ukraina frontiga urushga ketgan, 7- va 5-o'qchi polkida mergan bo'lib jang qilgan. 1943 yilda yarador bo'lib, 3641-harbiy gospitalida davolangan hamda 1945 yilda frontdan qaytgan qahramonimiz 7 nafar farzandni tarbiyalab, tinchlik-xotirjamlik va shukronalikda umrguzaronlik qilmoqda.

Tashriflar jarayonida ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini bayram bilan tabriklab, hol-ahvol so'raldi. Ularga pul mukofotlari, qimmatbaho sovg'alar topshirildi.