Koʻklam tantanalari munosabati bilan Surxondaryoning katta avlod vakillari viloyatning eng faol yoshlari bilan birgalikda bayramona dasturxon atrofida jam boʻlishdi.

Tadbir Oʻzbekiston qahramonlari, mehnat faxriylarining hayot yoʻllariga bagʻishlangan hujjatli film namoyishi bilan boshlandi. Mazkur filmda ularning har biri haqida, mashaqqatli umr va mehnat yoʻllari hikoya qilindi.

Mehnat faxriysi Bozor Rahmonovning umr chizgilaridan bir parcha. Ekranda aks etgan tasvirlarning oʻzi uning uchun kutilmagan sovgʻa boʻldi. Filmni tomosha qilar ekan otaxon koʻzlariga yosh oldi.

Oʻzbekiston qahramoni Rahmon Muhammadiyev uchun atalgan film ham, otaxon uchun kutilmagan hadya boʻldi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Dunyoga mashhur oftalmolog bu oʻtgan davrlarni tik turgan holda tomosha qilib, oʻzining his tuygʻulari, quvonch u minnatdorchiligini yashirmadi.

Surxon elida mehnatsevarlik va oʻziga talabchanlik namunasi sifatida oʻrnak boʻlib kelayotgan mehnat faxriysi Abdusattor Qurbonov haqidagi lavhalar yigʻilganlarning ruhiyatiga, qalb tuygʻulariga taʼsir qilmasdan qolmadi

Bu insonlar – Oʻzbekistonning haqiqiy oltin fondi, yoshlar ibrat olsa arzigulik vatan fidoiylari.

Yosh avlod vakillari nafaqat hozirgi qahramonlarni balki bugun oramizda boʻlmasada, yaqin oʻtmishdagi fidoiylar haqida ham bilishi lozim. Tadbir ishtirokchilariga umri davomida viloyatning har tomonlama rivojlanishida oʻzining munosib hissasini qoʻshgan 5 nafar mehnat faxriylari — Murod va Abdulla Xoʻjamqulovlar, Doʻstmuhammad Otarboyev, Stepan Bogma, Mixail Yeremeyevlar haqidagi filmlar ham namoyish etildi.

Ha, bu insonlarning umr yoʻliga boqib, har sohada peshqadam va yetuk shaxs boʻlish uchun ilhom oladi kishi. Mazkur hujjatli filmlar kelajak avlod vakillari uchun katta maktab vazifasini oʻtab berdi.

Nuroniy va yoshlarning bu kabi uchrashuvi doimiy tarza tashkil etiladi. Hakim At-Termiziy qadamjosini ziyorat qilishda ham keksalarga aynan yoshlar hamrohlik qildi. Majmua esa dildan suhbat uchun qulay manzil.

Keyingi Uch avlod uchrashuvining manzili – Qashqadaryo viloyati.