Qahva demensiya xavfini kamaytirishi aniqlandi

    Xitoyning Ninsya tibbiyot universiteti tadqiqotchilari qahva yuqori qon bosimi bilan kasallangan odamlarda demensiya xavfini kamaytirishga yordam berishini aniqlashdi.

    Oldingi tadqiqotlar qahva yoki choyni o'rtacha miqdorda iste'mol qilish yallig'lanishni kamaytirishi va qon-miya to'sig'ini yaxshilashi mumkinligini ko'rsatdi, bu ikkala omil ham demensiya xavfini kamaytirishi bilan bog'liq. Yangi tadqiqotda tadqiqotchilar kofeinli ichimliklarni muntazam iste'mol qilish va ushbu kasallikning rivojlanish xavfi o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri bog'liqlik bor-yo'qligini tekshirishdi.

    Tahlil qilish uchun UK Biobank ma'lumotlar bazasidan foydalanildi, unda 500 mingdan ortiq odamning sog'lig'i to'g'risida ma'lumotlar mavjud. Tadqiqotchilar gipertoniya yoki yurak-qon tomir kasalliklari mavjudligi kabi omillarni hisobga olgan holda muntazam qahva yoki choy ichish va demensiya xavfi o'rtasidagi munosabatni o'rganib chiqishdi, deb xabar beradi lenta.ru.

    Natijalar shuni ko'rsatdiki, gipertoniya bilan og'rigan odamlarda demensiya rivojlanish xavfi yuqori bo'lgan, biroq kuniga muntazam ravishda yarim, bir chashkagacha qahva yoki choy ichganlarda bu ichimliklarni ichmaydiganlarga qaraganda kamroq xavf yuzaga kelgan.

    Bundan tashqari, qahvani tayyorlash usuli bu borada ahamiyatli ekani ma'lum bo'ldi: masalan, qahva donlarini maydalagan holda qahva tayyorlab ichganlarda bu yanada ko'proq foyda berdi. Tadqiqotchilarning fikricha, muntazam qahva iste'mol qilish gipertoniya bilan og'rigan odamlarda yallig'lanishni, dementsiya xavfini kamaytiradi.

    Tadqiqotchilar ularning xulosalari korrelyatsiyaga asoslanganligini va kofeinni iste'mol qilish gipertoniyaga chalingan odamlarda demensiya xavfini kamaytirishini tasdiqlash uchun ko'proq tadqiqotlar kerakligini ta'kidlashdi.