Alkogol mahsulotlarini noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyish borasida bojxona organlari tomonidan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Xorazm viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi boʻlimi xodimlari tomonidan oldindan olingan tezkor maʼlumotlarga asosan, viloyat IIB va Milliy gvardiya boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda viloyat hududida sifatsiz alkogol mahsulotlarini fuqarolarga sotib kelayotgan shaxslarni aniqlash maqsadida tezkor tadbir oʻtkazildi.

Urganch tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbir natijasida, fuqaro O.A shartli xaridorga bir xil raqamli aksiz markalar bilan qadoqlangan, 0,45 litrlik hajmdagi jami 444 shisha umumiy qiymati 9 324 000 soʻmlik 199,8 litr aroq mahsulotlarini sotgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan toʻxtatib qolindi.

Oʻtkazilgan surishtiruv harakatlari davomida ashyoviy dalil sifatida olingan aroq mahsulotlari qopqogʻiga yopishtirilgan markalar “Davlat belgisi” davlat ishlab chiqarish birlashmasi (DICHB) tomonidan tayyorlanmaganligi, aksincha ushbu aksiz markalar rangli printerda tayyorlanib, qalbakilashtirilganligi maʼlum boʻldi.