Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish Davlat markazi boʻlim boshligʻi Shoira Nazarova dori xarid qilayotganda qanday jihatlarga eʼtibor qaratish kerakligi xususida maʼlumot berdi.
Qalbakilashtirish ham tovar nomiga (savdo nomi), ham jenerik dori vositalariga tegishli boʻlishi mumkin, – deydi mutaxassis. – Bunda, tarkibida tegishli yoki tegishli boʻlmagan ingrediyentlar kiritilgan, faol moddalar boʻlmagan yoki yetarli boʻlmagan hamda soxta qadoqlangan mahsulotlarni kuzatishimiz mumkin. Ularni esa laboratoriya tahlil natijalari boʻyicha sifatli yoki sifatsizligi aniqlanadi va tegishli xulosa beriladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, dori vositasini xarid qilayotganda quyidagilarga eʼtibor berish kerak:
Narx – qalbaki dori vositalari dorixonalarda original dori narxiga nisbatan arzon boʻladi.
Mahsulot qadogʻi – undagi harflar va raqamlar noaniq, tasvirlar xira va karton qutining oʻzi yupqa va shaklini yaxshi ushlamaydi.
Seriya, raqam, shtrix-kod, ishlab chiqarish sanasi tushunib boʻlmaydigan darajada noaniq boʻladi.
Qoʻllash yoʻriqnoma varagʻi bosmaxonada bosilmagan, xuddi nusxalanganga oʻxshaydi. Qadoqdagi va dorining oʻz qolipidagi ishlab chiqarilgan sana va saqlash muddatlari bir-biriga mos kelmasligi mumkin.
Xarid qilayotgan dori vositasida yuqorida sanab oʻtilgan belgilar sizni shubhalantirsa, dorixona tomonidan mazkur dori vositasiga tegishli muvofiqlik sertifikatini soʻrang. Agarda bunday sertifikat mavjud boʻlmasa, ushbu holat yuzasidan Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasiga murojaat qilishingiz mumkin.