Farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash va farm inspeksiya boshqarmasi tomonidan “Arzon apteka bot” mobil ilovasida joylashtirilgan eʼlonlar asosida ayrim dorixonalarda nazorat tadbirlari o‘tkazildi.
Tekshiruvlarga davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan va O‘zbekistonda tibbiyot amaliyotida qo‘llash uchun ruxsat etilmagan “Berodual”, “Aktovegin” hamda “Kalimin 60 H” dori vositalarining noqonuniy realizatsiyasi haqidagi eʼlonlar asos bo‘lgan.
O‘rganishlar davomida 7 ta dorixonada muvofiqlik sertifikati bo‘lmagan jami 101 turdagi, shuningdek, yaroqlilik muddati o‘tgan 5 turdagi dori vositasi sotuvda ekani aniqlangan.
Hozirda savdodan olingan dori vositalari bo‘yicha laboratoriya ekspertizasi o‘tkazilib, aniqlangan holatlarga huquqiy baho berish yuzasidan tegishli ishlar olib borilmoqda.
Nazorat tadbirlari davomida yana bir holat aniqlangan. “Arzon apteka bot” ilovasida dorixona sifatida ko‘rsatilgan “Online 5” nomli subyekt faoliyati o‘rganilganda, Buxoro shahri Bahovuddin Naqshband ko‘chasi, 309/1-uy manzilida dorixona emas, balki “BTS” tezkor pochta xizmatining Buxoro viloyati ofisi faoliyat yuritayotgani maʼlum bo‘lgan.
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi sifatsiz, qalbakilashtirilgan, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan yoki tibbiyot amaliyotida qo‘llash uchun ruxsat etilmagan dori vositalari savdosiga qarshi nazorat tadbirlari boshqa hududlarda ham davom ettirilishini maʼlum qildi.