Ammo hozirda yuqoridagi qulayliklardan oqilona foydalanish oʻrniga, sertifikatlarni soxtalashtirib, oʻzini va tashkilotlarni aldamoqchilar ham koʻpaymoqda.
Qalbaki IELTS haqidagi xabarlar rostmi?
Afsuski, test juda mashhur boʻlganligi bois baʼzi noqonuniy harakatlar ham uchramoqda.
“Bir tanishim qalbaki boʻlsa ham ustama olyapti ekan, uni tekshirish qiyinmi” kabi koʻplab savollar kelmoqda.
Oʻzbekistonda IELTS, TOEFL, TESOL va boshqa koʻplab xalqaro sertifikatlarni turli kompyuter dasturlari yordamida oʻzgartirib, yuqori ball koʻrsatib reklama qilayotgan oʻquv markazlar yoki ustama uchun taqdim qilayotgan oʻqituvchilar haqida koʻpchilikning xabari bor. Facebook, instagram va koʻplab internet nashrlarida reklama qilingan xizmatlar orasida ayni shunday qalbaki sertifikatlarni uchratish mumkin. Ishga kiruvchilar orasida ham soxta sertifikatlar uchrab turadi.
Nima sababdan bu holatlar koʻpaymoqda?
Sertifikatini asli ekanligini tekshirish imkoniyatiga juda kam tashkilotlar ega. Koʻpchilik qanday qilib tekshirishni ham bilmaydi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 228-moddasi 3-qismi boʻyicha (“Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish”) jinoiy ish qoʻzgʻatilishi haqida maʼlumotga ega emas.
Taʼlim berish bu eng xayrli va fidoiylik talab qiladigan ishlardan biri. Ushbu sohadagi ayni shunday noinsof shaxslarning borligi albatta achinarli holat. Bunga qarshi nafaqat mutasaddi tashkilotlar, shu bilan birga biz hammamiz bir jamoa boʻlib kurashishimiz lozim.
Qanday qilib IELTS sertifikatini tekshirish mumkin? Bu juda oson!
Sertifikatga eʼtibor bering. Undagi maxsus kod oʻchirilmagan (berkitilmagan) boʻlishi lozim. Maxsus sonlardan iborat kod sertifikatning eng pastki oʻng qismida yozilgan.
Ushbu kodni maxsus sayt orqali tekshirish mumkin. https://ielts.ucles.org.uk/ielts-trf/
Ushbu saytdan roʻyxatdan oʻtish uchun tashkilot haqidagi anketa toʻldiriladi. Muassasa-tashkilot rahbari tomonidan masʼul shaxs tayinlanadi va u haqidagi maʼlumot xat tarzida saytga yuklanadi.
Tashkilotning rasmiy sayti va masʼul shaxs uchun ochilgan rasmiy elektron pochtasi boʻlishi lozim. (Namuna:www.lpa.gov.uz, a.khusanov@lpa.gov.uz )
Yuqoridagi shartlar bajarilgach, IELTS boʻyicha masʼul tashkilot sizga saytdan foydalanish uchun login va kirish kodini yuboradi.
Ushbu xizmatlardan oliy oʻquv yurtlari, nodavlat taʼlim muassasalari, davlat organlari va xususiy tashkilotlari bepul foydalanishi mumkin.
Toʻgʻri, hozir kimnidir aldab yoki bilib-bilmay soxta sertifikatlarni ishlatayotganlar bordir, ammo vaqti kelib mutasaddi tashkilotlar tomonidan barcha hujjatlar tekshirilganda nafaqat har bir toʻlangan mablagʻ, shu bilan birga sud orqali katta jarimi va boshqa jazo turlari qoʻllaniladi.
Tadbirkorlik faoliyati qoʻllab-quvvatlanayotgan va oʻqituvchilar uchun katta imkoniyatilar berilayotgan bir vaqtda, bizga berilgan vakolatlarni suiisteʼmol qilmaylik. Halollik ishimizga baraka va unum beradi.
Azimjon HUSANOV,
Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish agentligi
direktor oʻrinbosari