Bizga istiqlol neʼmatini baxsh etgan kunlarga mana, vaqt oʻtib 33-yil toʻlibdi. Navqiron yoshlik pallasini anglatuvchi bu davr mobaynida diyorimizda uzoqni koʻzlaguvchi, oqilona va odilona siyosat yuritib, xalqimizni ezgu gʻoyalar, hayotbaxsh tamoyillar asosida Yangi Oʻzbekistonni bunyod etishga chorlayotgan Muhtaram Prezidentimiz katta islohotlarni boshlagan. Bu oʻzgarishlar yurtimizda har bir sohaning qayta taraqqiy etishiga taʼsir etmoqda va insonlar hayoti tobora farovonlashib, ertangi kun bundan-da porloq boʻlishiga yangidan-yangi umidlar uygʻotmoqda.
Xususan, sevimli dargohimiz — Fargʻona davlat universitetida faoliyat olib borar ekanmiz, oliygoh ham Davlatimiz rahbari islohotlari natijasida bugun gullab-yashnamoqda. Talabalarga sifatli taʼlim berish, yoshlarga oliy darajada taʼlim xizmatlarini koʻrsatish ishlari rektorimiz tashabbuskorligida tubdan isloh etilib, universitetning ilmiy salohiyati kundan-kundan ortib bormoqda.
Jumladan, bizning “Tasviriy sanʼat” kafedrasi faoliyatiga ham alohida eʼtibor qaratib kelmoqda. Mazkur kafedradagi badiiy kulolchilik yoʻnalishi uchun maxsus laboratoriya jihozlari, tasviriy sanʼat va muhandislik grafikasi, rangtasvir (dastgohli) yoʻnalishi uchun zarur oʻquv jihozlari keltirilib, sanʼatshunoslar ahli mehnat sharoitlari aʼlo darajada davom etmoqda. Taniqli kulollar, mahalliy ustalar bilan shartnomalar imzolanib, “ustoz-shogird”lik anʼanalari asosida talabalarning amaliy mashgʻulotlari kuchaytirib borilmoqda. Kafedra qoshida kuchli salohiyatga ega, tajribali ustoz-ijodkorlar faoliyatini jamoa hamda talaba-yoshlarga targʻib etish maqsadida “Oʻzbekiston Qahramoni“ Oʻzbekiston xalq artisti, professor — Munojot Yoʻlchiyeva xonasi, Oʻzbekiston Badiiy Akademiyasi rahbari Akmal Nur ijodxonasi, tashkil etildi. Xalqimiz suygan va samarali ijod qilib kelayotgan ustoz sanʼatkorlar bilan yoshlar oʻrtasida muntazam ravishda uchrashuvlar oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi.
Hozirgi kunda kafedra qoshida “Kulolchilik mahsulotlarini yaratishda tabiiy va kimyoviy ranglardan xususiyatini oʻrganish”, “Tasviriy sanʼat” oʻquv kursi ilmiy markazlari faoliyat olib bormoqda. Talabalarni ishlab chiqarishga jalb etish, ilmni tijoratlashtirish orqali yoshlar uchun koʻplab yangi ish oʻrinlari, daromad manbaini yaratish maqsadida kafedrada koʻplab yangi loyihalar amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Quvonarlisi, yoshlarimizda oʻqishga ishtiyoq, ruh baland va oʻz taʼlim yoʻnalishiga boʻlgan qiziqishlari yuqori. Aytish kerakki, bunday talabalarimiz koʻplab xalqaro va respublika tanlovlarida faol ishtirok etib, oʻz iqtidorlari bilan dunyo sahnalariga chiqmoqdalar. Oʻzbekiston Badiiy Akademiyasi “xalqaro tasviriy va amaliy sanʼat festivali”da 1-darajali oltin medalni qoʻlga kiritgan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va Turizm “Art & Music Plener” ijodiy loyihasi gʻolibi Fazliddin Anvarov kabi talabalarimiz, shuningdek, koʻplab nomdor, ichki stipendiyalar sohibi boʻlayotgan yoshlarimiz natijalari bunga misol boʻla oladi. Bu yutuqlar esa barchasi istiqlolning, Yangi Oʻzbekiston asoschisi boʻlgan yurtboshimiz olib borayotgan islohotlarning mevasidir.
Barchinoy QURBONOVA,
FarDUning Tasviriy sanʼat kafedrasi mudiri,
PhD