Tuman hokimligining xabariga koʻra, bugun ham tuman boʻylab kuzatilgan barakali yogʻingarchilik togʻ jinslarining surilib, avtomobil yoʻllariga chiqib qolishiga sabab boʻldi.
Vaziyatni nazoratga olish va transport harakati xavfsizligini taʼminlash maqsadida tegishli tashkilotlar tomonidan zudlik bilan tezkor ishchi guruh tuzildi. Maxsus texnikalar jalb etilgan holda olib borilgan tezkor tozalash ishlari natijasida yoʻllar qisqa fursatda togʻ jinslari va loyqalardan xoli qilindi.
Muhimi, sodir boʻlgan tabiiy hodisa oqibatida aholi punktlariga yoki fuqarolarning uy-joylariga hech qanday zarar yetmagan. Ayni damda avtomobillar yoʻllarda odatdagi tartibda, hech qanday cheklovlarsiz harakatlanmoqda.
Mutaxassislar ob-havoning oʻzgaruvchanligini inobatga olib, fuqarolardan yomgʻirli kunlarda ehtiyotkor boʻlishni, ayniqsa, togʻli hududlarda harakatlanishda xavfsizlik qoidalariga qatʼiy rioya qilishni soʻrab qoladi.