Qamoqqa olinmagan gumonlanuvchilar tergov davomida mamlakatni tark eta olmaydi

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasining chorshanba kuni boʻlib oʻtgan majlisida jinoyat protsessida majburlov choralari institutini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi oʻqishda qabul qilindi.

    Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlash borasidagi eng muhim kafolatlardan biri sifatida huquqbuzarliklardan jabrlanganlarning huquqlarini qonun bilan muhofaza qilish, jabrlanganlarga yetkazilgan zararning oʻrni qoplanishi uchun davlat shart-sharoitlar yaratishi belgilandi.

    Deputatlarning taʼkidlashicha, jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qoʻllanilmagan hollarda, ushbu shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasini tark etib surishtiruv, tergov yoxud suddan yashirinish holatlari kuzatilmoqda. Natijada, jinoyatdan jabrlangan shaxslarning huquqlarini tiklash, ularga yetkazilgan zararlarni koplash imkoniyati pasaymoqda.

    Ushbu qonun loyihasi bilan ayrim qonun hujjatlariga gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qoʻllanilmagan, biroq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasini tark etib surishtiruv, dastlabki tergov yoxud suddan uzrli sabablarsiz boʻyin tovlashi mumkinligiga yetarli asoslar mavjud boʻlganda surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud tomonidan ularning Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish huquqini vaqtincha cheklab qoʻyish tartibi belgilanmoqda.