Mamlakatimizda taʼlimning barcha bosqichlarini, xususan, xalq taʼlimini tizimli isloh qilish yosh avlodni maʼnaviyaxloqiy va intellektual rivojlantirishni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarishning muhim shartidir. bu esa, oʻz navbatida, oʻquvtarbiya jarayonida taʼlimning innovatsion shakllari va usullarini qoʻllashni talab etadi.

Oʻqitish sohasidagi yangilanishlar jarayonida chet tillarini oʻrganishga alohida eʼtibor qaratilgani yoshlarimizning oʻquv va ilmiy faoliyatini xorijdagi nufuzli oliy taʼlim va tadqiqot muassasalarida davom ettirishiga xizmat qiladi. Prezidentimizning 2021-yil 19-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasida xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, institutimizga qabul kvotasi ikki, davlat granti asosida qabul esa uch barobar oshirildi.

Chekka va olis hududlardagi yoshlarni ham oliy taʼlimga qamrab olish maqsadida oʻtgan oʻquv yilidan boshlab Payariq va Narpay tumanlarida institutimizning xorijiy tillar fakultetlari ochildi. Ularning har biriga 75 tadan qabul kvotasi ajratildi. Bundan tashqari, oʻtgan oʻquv yilida bir necha yangi taʼlim yoʻnalishlari ham tashkil etildi. Jumladan, bakalavriatning kechki taʼlim shaklida ingliz, nemis, fransuz tili kabi yoʻnalishlar ochilgan boʻlsa, magistratura mutaxassisliklari uchun adabiyotshunoslik: ingliz tili, lingvistika: yapon tili, lingvistika: arab tili hamda badiiy tarjima kabi mutaxassisliklar boʻyicha kadrlar tayyorlanmoqda.

Shuningdek, qoʻshma taʼlim dasturlari doirasida Rossiya Federatsiyasining Belgorod davlat milliy tadqiqot universiteti bilan hamkorlikda filologiya va tillarni oʻqitish: rus tili qoʻshma taʼlim yoʻnalishi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Bugungi kunda institutimizdagi fakultetlar soni 4 tadan 8 taga, kafedralar esa 20 tadan 24 taga yetkazildi. Joriy oʻquv yilidan boshlab institutimizda qoʻshimcha yangi taʼlim yoʻnalishlari tashkil etildi.

Jumladan, bakalavriatning kunduzgi taʼlim shaklida oʻzbek tili va adabiyoti hamda kompyuter lingvistikasi, kechki taʼlim shaklida filologiya va tillarni oʻqitish: ispan tili, filologiya va tillarni oʻqitish: koreys tili, filologiya va tillarni oʻqitish: yapon tili kabi yoʻnalishlar ochildi. Qoʻshma taʼlim dasturlariga kelsak, bu yilda bakalavriat bosqichida Turkiyaning Mehmet Akif Ersoy universiteti bilan hamkorlikda turk tilini, Ispaniyaning Kastilla-La Mancha universiteti bilan hamkorlikda esa ispan tilini oʻqitish boʻyicha qoʻshma taʼlim dasturlarini tashkil etishni rejalashtirganmiz.

Bundan tashqari, talabalarni ish bilan taʼminlash hamda ularga imkoniyat va qulayliklar yaratish, qoʻshimcha ish oʻrinlarini ochish borasida ham bir qator amaliy ishlar bajarilmoqda. Jumladan, xorijiy davlatlar bilan hamkorlik qilinmoqda. Talabalarimizning ish bilan bandligini taʼminlash maqsadida Germaniyadagi “The Simson Private Academy” va “Globalconsult” bandlik firmalari bilan birgalikda nemis tili boʻyicha kamida V1 xalqaro til bilish darajasiga ega bitiruvchilarni, birinchi navbatda, amaliyotga yoʻllash, undan soʻng ish bilan taʼminlash borasida kelishuvga erishganmiz.

Germaniyaning “The Simson Private Academy” agentligi rahbariyati, Tyuringiya viloyati malakali ishchilarni yollash agentligi hamda Samarqand davlat chet tillar instituti vakillari ishtirokida boʻlib oʻtgan uchrashuvda bitiruvchilarni kasbga qayta tayyorlash markazini tashkil etishga kelishildi va bu borada hamkorlik memorandumi ham imzolangan. Hamkorlik maqsadiga koʻra, nemis tili boʻyicha B1 darajaga ega boʻlgan bitiruvchilar Germaniyaning nufuzli firmalarida turli sohalar boʻyicha dastlab 6 oy davomida stajirovka oʻtaydi.

Dual taʼlim sifatida bitiruvchilar kasb oʻrganish bilan birga, nemis tilini ham puxta egallaydi. Umumtaʼlim muassasalari bilan ham samarali hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Institutimizga viloyatdagi yuzdan ziyod maktab biriktirilgan. Ularga tajribali rahbar-xodim va professor-oʻqituvchilar masʼul etib belgilangan. Oʻquv-metodik yordam berish bilan birga, maktablarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga eʼtibor qaratilmoqda.

Oʻtgan davrda institut hisobidan 60 million soʻmdan ziyod mablagʻ shu maqsadda sarflandi. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 3-dekabrdagi “Oliy taʼlim muassasalarini bosqichma-bosqich oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimiga oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, 2020-yil 1-yanvardan boshlab 10 ta oliy taʼlim muassasasiga, xususan, Samarqand davlat chet tillar institutiga ham moliyaviy mustaqillik berilgan edi.

Prezidentimizning 2021-yil 24-dekabrdagi “Davlat oliy taʼlim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda “Davlat oliy taʼlim muassasalarining akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorlariga muvofiq, bunday oliygohlar soni 35 taga yetkazildi.

Oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimiga oʻtganimiz bois, oxirgi ikki yilda talabalar muntazam moddiy ragʻbatlantirilib, ularning ijtimoiy himoyasiga eʼtibor kuchaytirildi. Jumladan, oʻtgan oʻquv yilida 3 nafar talabamizning shartnoma pulini toʻlash imkoniyati mavjud emasligi haqidagi murojaati oʻrganib chiqildi va institut hisobidan shartnoma summasi oʻtkazib berildi.

Iqtidorli, yetim, chin yetim, nogiron, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari boʻlgan talabalarning “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” roʻyxati shakllantirildi. Natijada 67 nafar shu toifaga mansub talabaning kontrakt puli toʻlab berildi, moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlandi. Bu borada tegishli hokimliklar ham yaqindan koʻmak bermoqda. Jumladan, oʻtgan oʻquv yilida ijtimoiy himoyaga muhtoj talaba qizlar roʻyxati shakllantirilib, yashash joylaridagi hokimliklarga yuborildi.

Samarqand viloyat hokimligi 11 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj talaba qizning umumiy hisobda qariyb 80 million soʻmlik toʻlov-kontrakti uchun mablagʻ ajratdi. Institutimiz tomonidan esa 39 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj talaba qizning oʻqishi uchun 273 million soʻmdan ziyod mablagʻ toʻlab berildi. Bundan tashqari, aʼlo baholarga oʻqiyotgan 119 nafar talabamizga qariyb 200 million soʻm miqdorida moddiy ragʻbat, iqtidorli, faol va ijtimoiy himoyaga muhtoj 125 nafar talabaga 130 million soʻmlik moddiy yordam taqdim etildi.

Jami 348 nafar talabaga qariyb yarim milliard soʻm moddiy yordam sifatida sarflandi. Mazkur oʻquv yilida institutimiz akademik litseyi oʻquvchilari orasida tanlov eʼlon qilinib, eng iqtidorlilardan 35 nafari ichki stipendiyalarga tavsiya etildi. Ularga ham bir martalik va olti oylik stipendiya puli berildi. Oʻquvchilari viloyat va respublika olimpiadalarida sovrinli oʻrinlarni egallagan va oliy taʼlim muassasalariga kirish borasida 70 foizdan yuqori koʻrsatkichga ega boʻlgan oʻqituvchilarning 10 nafariga institutning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan 30 foizgacha oylik ustama belgilandi.

Bugun yoshlarning taʼlim-tarbiya olishi, kasb-hunar egallashi, yetuk shaxslar boʻlib ulgʻayishi uchun zamonaviy, qulay, ilgʻor va innovatsion shart-sharoitlar yaratilgan. Birgina oliy taʼlim muassasamiz misolida davlatimiz qaratayotgan eʼtibor nechogʻliq salmoqli ekani xususida soʻz yuritdik. Bu imkoniyat va shart-sharoit yoshlarimizni maʼnaviy yuksalishga, har daqiqaning qadriga yetishga, undan hikmat izlab yashashga daʼvat etadi.