— Massaj mushaklar zoʻriqishini qoldirib, ularning tonusini oshiradi, tomirlar boʻylab qon va limfalar harakatini tezlashtiradi, yurak ishini yengillashtiradi.

Massaj paytida qon tarkibida gemoglobin, eritrotsit va leykotsitlar miqdori koʻpayadi, organizmdagi keraksiz mineral tuzlar chiqib ketishi tezlashadi.

Massaj boʻgʻim paylarini mustahkamlaydi, ularning harakatchanligini oshiradi.

Massaj harakati yordamida bosh ogʻrigʻini toʻxtatish, sellyulit (yogʻ toʻplanishi) ning oldini olish, shuningdek koʻpgina xastaliklardan davo topish mumkin.

Ammo quyidagi holatlarda massaj olish mumkin emas:

- tana harorati yuqori boʻlganda;

- onkologik kasalliklarda;

- venalarning varikoz kengayishida;

- operatsiyadan keyingi dastlabki oylarda;

- infarkt va insultdan soʻng (1 oy ichida);

- teri xastaliklari va shikastlanishlarida.

Shuni unutmaslik kerakki, massajda limfa tugunlari bor joylar – chov sohasi, qoʻltiq osti, tizza taqimi, boʻyin (uyqu arteriyasi sohasi va qalqonsimon bez), qorin sohasi avaylab uqalanadi, chunki bu nuqtalarda nerv uchlari koʻp toʻplanadi.

Qandli diabet, gipertoniya, OITS, sil kasalliklariga chalingan bemorlar uchun ham massaj olishda cheklovlar mavjud.

Mutaxassisi bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.