Qanday odatlar immunitetni mustahkamlashga yordam beradi?

    Immunitet – organizmning infeksiya va bakteriyalarga qarshi tabiiy mudofaasi. Uning asosiy vazifasi tanaga kirgan mikrob va viruslarni aniqlash hamda yoʻq qilishdan iborat.

    Bu tizimning yaxshi ishlashi, avvalo, organizmdagi toʻgʻri balansga bogʻliq. Biroq baʼzi hollarda immunitet pasayib, tana kasalliklarga qarshi kurasholmay qoladi. Buning oldini olish uchun esa bir necha qoidalarga amal qilish maqsadga muvofiq.

    Toʻgʻri ovqatlanish: ushbu qoida immunitetni mustahkamlashda muhim rol oʻynaydi. Ayniqsa, С, D, E kabi vitaminlar, omega-3 yogʻ kislotalari va turli mineral hamda toʻqimalarga boy yeguliklar tananing kurashish qobiliyatini oshirish bilan birga, barqaror faoliyat koʻrsatishini taʼminlaydi.

    Buning uchun ovqatlanish ratsioniga sarimsoq piyoz, sabzi, lavlagi, zanjabil, brokolli, naʼmatak, koʻkatlar, qovoq, olma, sitruslar, asal, dengiz baliqlari, sut mahsulotlari, yogʻsiz goʻsht kabi tabiiy meva-sabzavot va ozuqalarni kiritish maqsadga muvofiq.

    Jismoniy faollik: doimiy harakatda boʻlish va har kuni ertalab badantarbiya qilish immunitetni kuchaytiradi. Ayniqsa, bunda piyoda yurish, yugurish, velosiped uchish va suzish kabi sport mashgʻulotlari juda foydali.

    Toza suv ichish: suv organizm uchun juda muhim. U tanadan toksinlarni chiqarib, immunitetni mustahkamlashga yordam beradi. Bu, oʻz navbatida, ushbu tizimga toʻgʻridan toʻgʻri foydali taʼsir koʻrsatib, tanani zaharlanishdan himoyalaydi.

    Aksincha kam miqdorda suv ichish hujayra, toʻqima va organlar faoliyatiga salbiy taʼsir etib, immun tizimining zaiflashishiga olib keladi. Shu sababli mutaxassislar odam bir sutkada har bir kilogramm vazni uchun 40 millilitr suv isteʼmol qilish lozimligini taʼkidlaydi.

    Yaxshi uxlash: tiniqib uxlash immunitet tizimini mustahkamlab, organizmning tiklanishiga yordam beradi. Uyqu davomida immun hujayralari yanada samarali ishlaydi. Organizmning toʻliq dam olishi uchun katta yoshdagi insonlar har kuni oʻrtacha 7-8 soat uxlashi kerak.

    Stressdan saqlanish: davomiy asabiylashish immunitetning pasayishiga sabab boʻladi. Shuning uchun ruhiy barqarorlikni saqlash juda muhim.

    Gigiyenaga rioya qilish: qoʻllarni tez-tez yuvish va boshqa sanitariya qoidalarini amalga oshirish mikrob hamda viruslardan himoyalaydi.

    Shuningdek, kasalliklarga qarshi vaksina olish, yomon odatlardan voz kechish ham immunitetni mustahkamlaydi.