Xoʻsh, ushbu kasallikning kelib chiqishiga nima sabab boʻladi va ularning oldini olish mumkinmi?
Bu haqda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining boʻlim mudiri, tibbiyot fanlari nomzodi Olimjon Imomov gapirib berdi:
— Kasallik sabablardan biri — saraton keltirib chiqaruvchi kanserogen moddalar. Isteʼmol qiladigan ovqat va ichimliklar tarkibida, nafas oladigan havoda yoki tamaki tutunida koʻplab zaharli kanserogen moddalar mavjud. Shu sababli, tabiiy, sogʻlom ovqatlanish, zararli odatlar, yaʼni tamaki, nos va chilim chekishdan voz kechish, atrof muhitni, havoni ozoda saqlash — onkologik kasalliklar bilan kasallanish ehtimolini bir necha 10 barobarga kamaytiradi.
Keyingi sabab — inson tanasidagi oʻsma oldi kasalliklari va turli surunkali xastaliklardir. Agar biz oʻz vaqtida profilaktik koʻriklardan oʻtib tursak, va aniqlangan oʻsma oldi kasalliklari hamda surunkali xastaliklarni samarali davolab, ularni bartaraf qilsak, albatta, keyinchalik saraton bilan kasallanish ehtimolining oldini olgan boʻlamiz.
Shuningdek, turli virusli va bakterial kasalliklar ham baʼzi saraton turlarining rivojlanishiga olib kelishi mumkin. Masalan, gepatit V va S viruslari jigar saratoniga, Epshteyn-Barr virusi limfomalarga, Xelikobakter pilori bakteriyasi meʼda saratoniga, Odam papillomasi virusi bachadon boʻyni saratoniga sababchi boʻladi. Shu sababli, ushbu infeksion kasalliklarga qarshi kurash, shu jumladan, ularga qarshi emlanish, bu saraton turlarini karrasiga kamayishiga olib keladi.
Stress ham turli onkologik kasalliklarga olib keluvchi sabablardan biri boʻlib, toʻgʻri turmush tarzini kechirish, yaxshi hordiq chiqarish, hayot ritmini tartibga solish orqali onkologik kasalliklarga chalinishning oldini olish mumkin.
Kam harakatlilik va semirish ham koʻpchilik onkologik kasalliklarga sabab boʻlishi mumkin. Shuning uchun sogʻlom turmush tarzini kechirish, sogʻlom ovqatlanish, badantarbiya va sport bilan muntazam shugʻullanish saraton kasalligi profilaktikasi hisoblanadi.
Bundan tashqari, sogʻlom ovqatlanishga eʼtibor berish turli oshqozon-ichak onkologik kasalliklari, endokrin aʼzolar oʻsmalarining oldini oladi. Juda achchiq, shoʻr, oʻta shirin va turli kimyoviy moddalar bilan ishlov berilgan taomlar isteʼmolini cheklash, meʼyorga rioya qilish tavsiya etiladi.
Umuman olganda, sogʻlom ovqatlanish, atmosfera havosi tozaligiga eʼtibor berish, sogʻlom turmush tarzini kechirish, zararli odatlardan voz kechish, jismoniy faollik, yuqori tibbiy madaniyat, ruhiy xotirjamlik kabi fazilatlarga boy hayot kechirish insonni onkologik kasalliklar bilan ogʻrish ehtimolini bir necha 10 barobarga kamaytiradi.