Sir emas, yaqin yillargacha ehtiyojmand bemorlarning viloyat yoki respublika tibbiyot muassasalarida davolanishlari uchun qogʻoz shaklidagi “order” tizimidan foydalanib kelingan.
Biroq bunday imtiyozlarni berishda koʻpincha korrupsion holatlarga yoʻl qoʻyilgan. Oqibatda fuqarolar turli qiyinchiliklarga duch kelgan. Bu esa haqiqiy ehtiyoji bor aholining davolanish uchun yillab navbatda turishiga yoki “order” ololmay, sarson boʻlishiga sabab boʻlgan.
Aytish lozimki, davlatimiz rahbarining 2021-yil 28-iyuldagi PQ-5199-son qaroriga muvofiq bunday amaliyotdan butunlay voz kechildi. Natijada Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga kvota asosida «order« berish tartibi bekor qilinib, ularni elektron tizim orqali hisobga olish va navbat asosida davolanishga yoʻllash tizimi joriy etildi.
— Bu orqali sohada shaffof mexanizmlar amaliyotga tatbiq qilindi, — deydi Tibbiy yordamni tashkillashtirish departamenti boʻlim boshligʻi Azizbek Hamroqulov. — Natijada aholiga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali oʻzining murojaati hamda navbati haqidagi axborotni olish imkoniyati yaratildi.
Bu yoʻllanma elektron axborot tizimida avtomatik ravishda shakllantirilib, bemor davlat yoki nodavlat tibbiyot tashkilotida tibbiy xizmatlardan foydalanishni ixtiyoriy tanlaydi.
Xoʻsh, ushbu toifaga qanday shaxslar kiradi?
Prezidentimizning 2003-yil 26-fevraldagi PF-3214-son farmonida yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatuvchi tibbiyot tashkilotlari tomonidan Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan tibbiy yordam koʻrsatiladigan 20 ta imtiyozli toifadagi shaxslar roʻyxati keltirilgan.
Jumladan,
- yetim bolalar;
- I va II guruh nogironligi boʻlgan;
- yoshga oid pensiyaga chiqqan va ishlamaydigan;
- 1941–1945-yillardagi urush oqibatida nogiron boʻlgan shaxslar va uning qatnashchilari, shuningdek, ularga tenglashtirilgan shaxslar;
- baynalmilalchi-jangchilar;
- “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam taʼminlangan oilalarning bolalar nafaqasi va moddiy yordam oluvchi aʼzolari;
- Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilgan oilalarning aʼzolari;
- oylik daromadi oila aʼzolarining har biriga minimal isteʼmol xarajatlari miqdorining 2 baravaridan koʻp boʻlmagan oilalarning aʼzolari imtiyozli davolanish huquqiga ega.
Bemor davolanganidan soʻng Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi ushbu muassasaga bazaviy narxlar doirasida koʻrsatilgan tibbiy xizmatlarni asoslovchi hujjatlarga muvofiq, sarflangan mablagʻlarni Davlat byudjeti hisobidan oʻtkazib beradi.
Mazkur imtiyoz asosida shifoxonada davolanayotgan shaxslarga oʻz hisobidan dori vositalari va tibbiy buyumlar buyurilishi aslo mumkin emas.
Shifoxonada bemorlar tomonidan olib kelingan dori vositalar va tibbiy buyumlarni ishlatishga ruxsat berish tartibi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan.
Bu boradagi huquqiy asos Prezidentimizning 2022-yil 26-oktabrdagi PQ-411-son qarorida belgilab qoʻyilgan. Unga koʻra, bemorlarni davolash uchun talab etiladigan dori vositalari va tibbiy buyumlar toʻliq shifoxona tomonidan xarid qilinadi.