Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari asfalt va sementbeton yoʻllarning iqtisodiy va ekologik koʻrsatkichlarini qiyosiy tahlil qildi.
Avtomobil yoʻllarini qurishda rivojlangan mamlakatlar tajribasini hisobga olish maqsadga muvofiq. AQSHda transport vositalari yuqori tezlikda harakatlanuvchi yoʻllarning 60 foizi sementbeton qoplamali. Ushbu koʻrsatkich Germaniyada 38 foizni, Avstriyada 46 foizni tashkil etadi. Xitoy va Yaponiyada ham koʻproq sementbeton yoʻllar qurilayapti.
Sementbeton yoʻllarning umumiy iqtisodiy samaradorligi yuqori. Ulardan 30 yil yoki undan ham koʻproq muddat taʼmirsiz foydalanish mumkin. Asfalt yoʻllar vaqti-vaqti bilan taʼmirlash hisobiga 8-12 yil davomida xizmat qiladi. Bitum xomashyosi importini qisqartirish hisobiga sementbeton qoplamali yoʻllarni qurish pirovardida ancha arzonga tushadi (umumiy xarajatlar 40 foizdan kam).
Sementbeton yoʻllarning resurs bazasi ham katta. Uning asosiy tarkibiy qismlari – sement, shagʻal, tosh va qum Oʻzbekistonning deyarli barcha hududlarida ishlab chiqariladi.
Bunday yoʻllarning atrof-muhitga taʼsiri kamroq. Sharqiy Angliya universiteti mutaxassislari beton issiqxona gazlarini oʻziga singdirishini aniqladi. 1930-2013-yillarda dunyo miqyosida barcha beton binolar, inshootlar va sementbeton qoplamali yoʻllar 4,5 gigatonna uglerodni oʻziga singdirgan. Bu ishlab chiqarishda hosil boʻluvchi CO2 ning 43 foizi degani.
“Yashil” qurilishning joriy etilishi mamlakatning turli xalqaro indekslar, jumladan, kredit reytinglari darajasini oshirishda yordam beradi.
Xalqaro tranzit yuk tashish uchun zamonaviy avtomobil yoʻllari tarmogʻini kengaytirish asosiy vazifalar qatoriga kiritildi. Sementbetonning muhim ekologik va iqtisodiy taʼsiri undan avtomobil yoʻllari qurilishida keng foydalanishdagi asosiy omil boʻla oladi.
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti matbuot xizmati