Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda “Oʻzbekbaliqsanoat”uyushmasi axborot xizmati rahbari Zilola Roʻziyeva maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, Boʻstonliq tumanida joylashgan “Sharq baligʻi” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan umumiy qiymati 2 mln. dollar boʻlgan intensiv usulda sovuq suv baliqlarini yetishtirish loyihasi ishga tushirildi.
Shuningdek, Samarqand viloyati Pastdargʻom tumanida joylashgan “Ayisha AR” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan intensiv usulda sovuq suv baliqlarini yetishtirish maqsadida yillik ishlab chiqarish quvvati 480 tonna boʻlgan 32 dona intensiv basseynlar barpo etilgan.
Xorazm viloyati Tuproqqalʼa tumanida joylashgan “Chegara” tabiiy suv havzasiga esa hozirda “Baqra Aquatech” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan diametri 22 metr boʻlgan 34 dona okeanik qafas moslamalari oʻrnatilib, karp baliqlari yetishtirilmoqda.