Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazida Qozogʻiston Respublikasi oʻzbek etnomadaniy birlashmalari “Doʻstlik” hamjamiyati raisi, Amir Temur xalqaro xayriya jamgʻarmasining Qozogʻiston Respublikasi boʻlimi rahbari Ikromjon Hoshimjonov, Janubiy Qozogʻiston davlat pedagogika universiteti prorektori Narimon Nurpeisov hamda mazkur universitet dotsenti, Qozogʻistondagi oʻzbek maktablari uchun “Oʻzbek tili”, “Oʻzbek adabiyoti” darsliklarining muallifi Shahlo Noraliyeva, A. Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti dotsenti Davlatyor Jumashev, Oʻzbek davlat Xoreografiya akademiyasi katta oʻqituvchisi, filologiya fanlari nomzodi Hulkar Hamroyevalar ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Oʻzbek va qozoq xalqlarining tarixi ham, turmush tarzi ham azal-azaldan mushtarak. Bu hol bu ikki ogʻa-inilardek qardosh xalqlarning feʼl-atvori va sobitqadam intilishlarida ham oʻz inʼikosini topgan. Shuning uchun ham, ahil-inoq qoʻni-qoʻshnilik, quda-andachilik kabi ezgu sifatlar, azaliy anʼana va qadriyatlar bu ikki tarix sinovidan oʻtgan xalq vakillariga yarashadi.
Doʻstona uchrashuvda Markaz rahbari, senator Minhojiddin Mirzo oʻzbek va qozoq xalqlari doʻstligi va birdamligining mustahkamlanishida adabiyot, sanʼat va madaniyatning oʻrni beqiyos ekanligini alohida taʼkidlab, “Oʻzaro madaniy-maʼrifiy aloqalarimiz bundan buyon ham izchil ravishda davom ettirilaveradi, biz tajriba almashishga hamisha tayyormiz”, – dedi.
Mehmonlarga oʻzbek xalqining ardoqli farzandlari – Abdulla Avloniy, Abdurauf Fitrat, Mahmud Hodiyev Botu, Mahmudxoʻja Behbudiy, Isʼhoqxon Ibrat kabi maʼrifatparvarlar-jadidchilik harakati namoyondalari qalamiga mansub kitoblar jamlanmasi sovgʻa qilindi.