Bugun xalqimiz Turkiya Respublikasi Oʻzbekiston mustaqilligini birinchilardan boʻlib tan olganini yuksak minnatdorlik bilan xotirlaydi. Tarixdan ildizlari tutash boʻlgan bu ikki qardosh millatning hamkorligi qondoshlik rishtalari bilan bogʻlangan.

Qardoshlarimiz oʻzbek diyoridan yetishib chiqqan buyuk allomalarga oʻz davrida katta adabiy muhit yaratib bergan. Jumladan, mashhur astronom va matematik Ali Qushchi, aniq fanlar boʻyicha yetuk olim Mirim Chalabiy turk ilmiy-maʼrifiy muhitida kamolga yetgani tarixiy haqiqat. Madaniy va adabiy aloqalarimizni tarix zarvaraqlariga muhrlagan buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy xotirasi bugun turk elida ham aziz va suyuklidir.

Ayniqsa, tarixda jadidlar deb nom olgan, ilm mashʼalini millat qoʻliga tutkazgan, Turkiston elini gʻaflat uyqusidan uygʻotgan oʻzbek maʼrifatparvarlari ham aynan turk zaminida taʼlim olgan, oʻz qarashlarini shakllantirib, bir gʻoya, bir mafkura atrofida birlashgan.

Soʻngi yillarda ikki davlat rahbarlarining oqilona siyosati natijasida hamkorlik borasida mutlaqo yangi sahifa ochildi. Oʻtgan yillar davomida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdoʻgʻon oʻrtasidagi qator uchrashuvlar oʻtkazildi. Jumladan, 2017-yil may oyida Pekinda oʻtgan “Bir makon, bir yoʻl” forumi, sentyabr oyida Ostona shahrida tashkil etilgan Islom hamkorlik tashkilotining Fan va texnologiyalar boʻyicha sammiti, BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi, mamlakatimizning Turkiy tilli davlatlar kengashiga qoʻshilgani shular jumlasidan.

Hozir Turkiya savdo hajmi boʻyicha Oʻzbekistonning toʻrtinchi hamkori sanaladi. Qolaversa, soʻnggi toʻrt yilda turk sarmoyadorlari ishtirokida yurtimizda faoliyat yuritayotgan korxonalar soni 1,5 mingtadan oshdi.

Turkiyaning rivojlangan sanoati, qishloq xoʻjaligida erishgan yutuqlari, turizm salohiyati, ulkan davlatchilik tajribasi va turk sarmoyadorlarining Oʻzbekiston bozoriga tabiiy qiziqishi ortib borayotgani mamlakatimiz uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Oʻzbekistonning dengiz portlari orqali jahonning yangi eksport bozorlariga chiqish, shuningdek, milliy iqtisodiyotni xalqaro iqtisodiy munosabatlar tizimi va mahsulotlar taʼminoti zanjiriga chuqur integratsiyalash kabi qator strategik maqsadi va bunga tizimli intilishi Turkiyani yurtimizning mazkur yoʻnalishdagi hamkoriga aylantirmoqda.

Sababi, Turkiya dengizga chiqish va jadal rivojlanayotgan transport-kommunikatsiya tizimiga ega, Yevropa va Osiyo qitalariga geografik qoʻshni hamda Oʻzbekistonning oʻz transport imkoniyatlaridan toʻliq foydalanishidan har tomonlama manfaatdor. Fikrimiz isboti sifatida 2019-yildan Anqara tomonidan oʻzbek avtomobil qatnovchilari uchun 30 kunlik vizasiz tartib joriy etilganini qayd etish joiz. Qolaversa, bugun Oʻzbekiston Turkiya, Ozarbayjon va Gruziya hududidan oʻtuvchi “Boku-Axalkalasi-Kars” temir yoʻl tarmogʻidan foydalanmoqda. Ushbu transport yoʻlagi bizni Gʻarb bozoriga olib chiquvchi eng qisqa tranzit yoʻnalish hisoblanadi.

Oʻzbekiston oʻz taraqqiyotining yangi bosqichida dadil va aniq maqsadlar bilan ildamlab borar ekan, dunyo tarixida “Yangi Oʻzbekiston” deb atalmish sharafli nom bilan shuhrat qozonmoqda. Yurtimiz qoʻni-qoʻshnichilik rishtalarini ham mustahkam bogʻlayotgani, xalqimiz manfaati uchun tashqi siyosat borasida ham toʻgʻri yoʻldan borayotgani barchaga kunday ravshan.

Turkiya davlati bilan taʼlim va ilmiy tadqiqot sohasidagi hamkorlik natijasi Fargʻona davlat universitetida ham boʻy koʻrsatmoqda. Oliygoh Turkiyaning Ege, Anqara Hoji Bayram Vali, Karabuk va Artvin Chorun universitetlari bilan hamkorlik memorandumlari imzolagan. 2019-2021-yillar davomida Turkiyaning Hoji Bayram Vali, Artvin Chorun universitetlari professorlari universitetimizda talabalarga maʼruza oʻqidi. Yaqinda Karabuk universiteti bilan ham qator akademik almashinuv amalga oshirilib, professorlar oʻzaro tajriba almashdi.

Shuningdek, oliygohda turkiyalik olimlar bilan hamkorlikda ilmiy tadqiqot olib borilmoqda. Turkiyada oʻtkazilayotgan ilmiy anjumanlarda universitet professor-oʻqituvchilari oʻzlarining ilmiy maʼruzalari bilan faol ishtirok etib kelmoqda.

Hozir Oʻzbekistonning Turkiyadagi elchixonasi koʻmagida Anqara Yildirim Boyazid universiteti, xususan, universitet tarkibidagi konservatoriya bilan hamkorlik oʻrnatilmoqda. Bundan oʻzbek va turk milliy musiqachiligi, uning tarixi hamda rivojiga bagʻishlangan qoʻshma tadqiqotlar olib borish, ilmiy maqolalar chop ettirish, professor-oʻqituvchilar va talabalar almashinuvini yoʻlga qoʻyish kabi oliy maqsadlar koʻzlangan.

Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, ikki davlat rahbarlarining Toshkentdagi uchrashuvi Oʻzbekiston va Turkiyaning xalqaro maydondagi nufuzi yanada ortishi, ikki davlat iqtisodiyotining oʻsish surʼati barqarorligi taʼminlanishi, xalqlarimizning ijtimoiy-iqtisodiy farovonligi va yaratuvchanlik salohiyati toʻliq roʻyobga chiqishiga katta turtki boʻladi.

Bahodirjon ShERMUHAMMADOV,

Fargʻona davlat universiteti rektori,

pedagogika fanlari doktori, professor