Isteʼmolchilardan 21,1 milliard soʻmdan ortiq asossiz mablagʻ olgan qariyb 2,5 mingta dorixonaga nisbatan taʼsir choralari qoʻllanildi.
Bu haqda Raqobat qoʻmitasi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Prezidentning 2022-yil 26-oktyabrdagi PQ–411-son qarori asosida dori vositalari narxlarini nazorat qilish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish boʻyicha raqamlashtirilgan tizim joriy etilgan. Ushbu tizim orqali dori vositalari narxlarining asossiz oshirilishi inson omilisiz aniqlanmoqda.
Shuningdek, 2026-yil mart oyidan dori vositalari referent narxlarini nazorat qilish tizimi yanada takomillashtirildi. Endi ulgurji savdoda belgilangan referent narxdan yuqori narx qoʻllanilganda, soliq organlari tomonidan hisob-fakturalarni roʻyxatga olish avtomatik tarzda toʻxtatiladi.
Qayd etilishicha, bu mexanizm orqali ulgurji savdoda narxlarni sunʼiy oshirish holatlarining oldi olinib, 12,5 mingdan ziyod chakana dorixonada dori vositalarini qimmat sotishga chek qoʻyilmoqda.
Tekshiruvlar davomida 2,5 mingga yaqin dorixona tomonidan qariyb 686 ming holatda cheklangan savdo ustamasi 10 foizdan uch barobargacha oshirib qoʻllangani aniqlangan. Natijada isteʼmolchilardan 21,1 milliard soʻm asossiz mablagʻ olingani maʼlum boʻlib, uni qaytarish boʻyicha choralar koʻrilgan.
Xususan, 2026 yilning birinchi choragida 190 dan ortiq dorixonada 110,5 mingga yaqin holatda 1,4 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ asossiz olingani qayd etilgan.
Fuqarolarga dori vositalarini xarid qilishda vakolatli tashkilotning referent narxlar reyestri orqali narxlarni tekshirib borish va qoida-buzarlik holatlari aniqlansa, Raqobat qoʻmitasining 1159 ishonch raqamiga murojaat qilish tavsiya etildi.