Uzoq umr koʻrish boʻyicha mutaxassis Endryu Stil “Yoshi yoʻq odam: qarimasdan keksayish ilmi” kitobida odamlarga keksayish jarayonini susaytirishga yordam beradigan eng yaxshi maslahatlar bilan oʻrtoqlashdi.
Kitobda u odamlarning qarish jarayonini ular oʻylagandan koʻra koʻproq nazorat qilish mumkinligini tushuntiradi.
«Bilaman, koʻpchiligimiz qarish jarayoni muqarrar, deb oʻylaymiz. Keksayganda kasal boʻlish xavfi yuqori, ajinlar paydo boʻladi, biz rangpar boʻlib qolamiz. Ammo aslida, qarishning hujayra va molekulyar sabablari asosida yotgan belgilarga taʼsir qilib, biz uni global miqyosda sekinlashtira olamiz», — dedi Stil Britaniyaning Today telekanalidagi chiqish paytida.
Olim oʻz hayotiga kiritgan yettita sogʻlom odat haqida oʻrtoqlashdi:
Jismonan faol boʻling, ammo meʼyorni tark etmang
Stil kamharakat turmush tarzidan saqlanish va har soatda kamida besh daqiqa faol harakat qilishni tavsiya qiladi. Sport bilan umuman shugʻullanmaydigan odamlar kuniga 10 daqiqalik yurishdan ham foyda koʻradi. Ammo agar biz koʻproq faol va mashaqqatli sport turlari haqida gapiradigan boʻlsak, mashgʻulotlar miqdori har doim ham sogʻliq uchun foydali boʻlavermaydi. Shu maʼnoda, kuniga 30 daqiqalik mashgʻulotda toʻxtash yaxshidir. Uzoqroq mashq qilish katta foyda keltirmaydi va hatto zarar yetkazishi mumkin.
Yetarli darajada uxlang
AQSH Milliy uyqu Jamgʻarmasi maʼlumotlariga koʻra, katta yoshdagi sogʻlom inson 7-9 soat, bolalar esa undan ham koʻproq uxlashi kerak. Ortiqcha uxlash esa sogʻliqqa zarar yetkazishi mumkin.
Oziq-ovqat qoʻshimchalari va vitaminlarni isteʼmol qilmang
Endryu Stilning soʻzlariga koʻra, vitaminlar va boshqa ozuqaviy qoʻshimchalarni shifokor tavsiyasisiz qabul qilishdan foyda yoʻq. Odamlar muvozanatli ovqatlanish va quyosh ostida vaqt oʻtkazish orqali barcha kerakli vitaminlarni oladi. Oʻz navbatida, oziq-ovqat qoʻshimchalarini ishlatish inson umrini uzaytirmaydi, balki uni biroz qisqartiradi.
Shimoliy hududlarda qishda D vitamini va homiladorlik paytida foliy kislotasini istisno tariqasida ichish mumkin.
Sabzavotlarni koʻproq, goʻshtni esa kamroq isteʼmol qiling
Oʻsimlik tarkibidagi foydali darmondorilar yurak-qon tomir kasalliklari va oʻlim xavfini kamaytirishi mumkin. Hayvon yogʻlaridan esa parhez qilish kerak. Bundan tashqari, sabzavotlarda boshqa oziq-ovqatlarga qaraganda kaloriya miqdori ozroq boʻladi, shuning uchun bu ovqatlar sizni sogʻlom saqlashga yordam beradi.
Qon bosimi va pulsingizni kuzatib boring
Stil sizga qon bosimini uy sharoitida kuzatib borishingizni maslahat beradi. Bunday nazorat ayniqsa, qachonki shifokor huzurida sizning bosimingiz va pulsingiz yuqori boʻlsa, yaʼni “oq xalat sindromi” oʻzini koʻrsatadigan poliklinikalarga qaraganda aniqroq maʼlumot beradi.
Ogʻizdagi sogʻligʻingizni kuzatib boring
Olimning taʼkidlashicha, tishlaringizning sogʻlomligi hatto yurak-qon tomir kasalliklari va demansiyani oldini olish uchun ham muhimdir. Bu yerda ogʻizda bakteriyalar keltirib chiqaradigan surunkali yalligʻlanish ham nazarda tutilgan.
Parhezga haddan tashqari ruju qoʻymang
Parhez tutish inson umrini uzaytirishi mumkinligi toʻgʻrisida hozircha aniq maʼlumot yoʻq. Stilning taʼkidlashicha, vaqti-vaqti bilan oziq-ovqat mahsulotlarini cheklash tana vaznini kamaytirishga ham yordam bermaydi.