Maʼlumki, davlatimiz oʻzining jahon maydonidagi oʻrni va ahamiyatini yanada mustahkamlab, har jabhada, xususan, madaniyat va sanʼat sohasini rivojlantirish va targʻib etish, yurtimizning dunyo madaniy makoniga faol integratsiyalashuvini taʼminlash sohasini innovatsion rivojlantirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirdi.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-fevraldagi “Madaniyat va sanʼat sohasini yanada rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorining qabul qilinishi sohani yanada takomillashtirish borasida muhim qadamlardan biri boʻldi.

Mazkur qarorning mazmun-mohiyatini keng tushuntirish va qaror ijrosini taʼminlash maqsadida, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xoʻjayli tumanida boʻldik. Dastlab, madaniyat markazlari hamda bolalar musiqa va sanʼat maktablarida boʻlib, madaniyat va sanʼat sohasi vakillari bilan uchrashdik. Muloqotda har bir rahbar va xodimlarning qaror ijrosiga jiddiy yondashgan holda shaxsiy masʼuliyatni yanada oshirish, oʻz faoliyatini belgilangan chora-tadbirlar asosida tashkil etish hamda sohani rivojlantirishga oid tashabbus va madaniy loyihalar ustida koʻproq ishlash kabi masalalar xususida toʻxtaldik.

Muloqotlar yakunida, eʼtibor qaratish lozim boʻlgan jihatlarga oid koʻrsatma, topshiriq va takliflarni berib oʻtdik.

Aytish kerakki, respublika hududlari oʻrtasida oʻzaro madaniyatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish ham sohani rivojlantirishning muhim omillaridan biridir. Misol uchun, Qoraqalpogʻistonda askiya sanʼatini, Samarqandda baxshi-jirov termalarini rivojlantirish ham madaniyatlar integratsiyasiga zamin yaratadi.

Bir soʻz bilan aytganda, madaniyat va sanʼatning taraqqiyot yoʻlini belgilagan mazkur qarorning ijrosini qatʼiy nazoratga olish masʼuliyati zimmamizda va doimiy eʼtiborimizda boʻlgan asosiy vazifadir.

Ozodbek Nazarbekov,

Madaniyat vaziri