Qayd etilganidek, bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, ularning jismoniy, intellektual, maʼnaviy va axloqiy kamol topishiga koʻmaklashish yuzasidan muayyan ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, Milliy komissiya va hududiy komissiyalar tomonidan 5 497 ta muhokama oʻtkazilib, ularda bolalarning huquqlarini himoyalash boʻyicha 12 422 ta ish koʻrib chiqilgan. Shuningdek, 1104 ta idora va tashkilotning bolalar huquqlarini himoya qilish, qonuniy manfaatlarini taʼminlash borasidagi faoliyati oʻrganilgan va ularga nisbatan 493 ta taqdimnoma kiritilgan.
Bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaganligi uchun 5 227 nafar ota-ona maʼmuriy javobgarlikka tortilgan, 2054 nafar bolaga hamda 1306 nafar ota-onaga yakka tartibda profilaktik ish olib borilishi belgilangan. Oilalar va bolalar muassasalariga qarovsiz va nazoratsiz qolgan 11 162 nafar bola joylashtirilgan.
Ota-onalik huquqini suiisteʼmol qilgani, bolalarni tarbiyalashdan, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishdan bosh tortgani uchun 652 nafar bolaning ota-onasi ota-onalik huquqidan mahrum etilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bolalarning huquqlari va manfaatlarini kamsituvchi 29 ta holat yuzasidan tegishli nazorat oʻrnatilgan. Oʻz vaqtida tugʻilganlik guvohnomasini olmagan 412 nafar bolaga guvohnoma berilgan. Bundan tashqari, 528 nafar bola guvohnoma olmagani aniqlanib, bu borada tegishli choralar koʻrilmoqda.
«Mehribonlik» uylari, Bolalar shaharchasi va “SOS” bolalar mahallalari uyushmasi qaramogʻidagi yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar oilalarga, yaqin qarindoshlari tarbiyasiga oʻtkazish natijasida 13 ta mehribonlik uyiga, 4 ta bolalar shaharchasi va 4 ta bolalar uyiga ehtiyoj qolmagani uchun ularning faoliyati tugatilgan.
Uy-joyga muhtoj yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar uchun 2022-yilda 397 ta uy-joy xarid qilingan. Shu maqsadda Davlat byudjetidan 57 mlrd soʻm mablagʻ yoʻnaltirilgan. Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning orzu-istaklarini roʻyobga chiqarishga koʻmaklashish boʻyicha «Mehr daftari» tizimi yoʻlga qoʻyilib, «Mehr daftari» jamgʻarmasiga 86,1 mlrd soʻm mablagʻ ajratilgan.
Amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda hal etilishi zarur boʻlgan muammolar ham mavjudligi qoʻmita majlisda alohida taʼkidlandi. Majlis soʻngida mavjud kamchiliklarni hal etish, ayniqsa, 2023–2030-yillar davomida Oʻzbekistonda ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni joylashtirish tizimini deinstitutsionalizatsiya qilish boʻyicha Milliy strategiya hamda tegishli Harakatlar rejasini tasdiqlash hamda uning ijrosini taʼminlash boʻyicha masʼul ijrochilar bilan yaqin hamkorlikda faoliyat olib borish yuzasidan tegishli qoʻmita qarori qabul qilindi.