Viloyat markazidagi “Barkamol avlod” maktabida joylashgan bu yangi maskan kutubxona, kompyuter laboratoriyasi, anjumanlar zali hamda AQSHda bakalavriat va magistratura yoʻnalishlari boʻyicha taʼlim olmoqchi boʻlgan yoshlarga bepul maslahat koʻrsatuvchi EducationUSA markazi sinfxonasidan iborat.

Markaziy Osiyoda faoliyat yuritayotgan shu kabi maskanlardan eng yirigi hisoblangan Amerika burchagi AQSHdagi taʼlim dargohlariga mos uslubda qayta qurilib, zamonaviy kompyuter va boshqa zarur uskunalar bilan jihozlangan, yuqori tezlikdagi internetga ulangan.

Bu yerda barcha uchun ingliz tilidagi anʼanaviy va elektron kitoblar hamda taʼlim va madaniyatga oid boshqa resurslardan, shuningdek, kompyuter laboratoriyalari xizmatidan bepul foydalanish imkoniyati yaratilgan. Ayni paytda yangi markazda ingliz tilini oʻrganish boʻyicha klublar tashkil etish, shu tildagi filmlar namoyishlarini oʻtkazish, AQSHlik ekspertlar ishtirokidagi turli dasturlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Marosimda taʼkidlanganidek, Qarshi shahridagi Amerika burchagi dunyoning 140 dan ortiq mamlakatlarida ochilgan 600 dan ziyod shu kabi markazlar tarmogʻiga qoʻshiladi. Maskanda tanlov asosida saralab olingan mahalliy mutaxassislar bilan bir qatorda Fulbrayt dasturi boʻyicha Oʻzbekistonga kelib, bevosita Qashqadaryoda faoliyat yuritayotgan AQSHlik oʻqituvchilar ham taʼlim beradi. Shuningdek, bu yerda AQSHning Oʻzbekistondagi elchixonasi xodimlari va Amerikadan tashrif buyurgan taniqli shaxslar – yozuvchilar, musiqachilar va boshqalar ishtirokida ham turli tadbirlar oʻtkazilishi koʻzda tutilgan, deb xabar beradi Qashqadaryo viloyat hokimligi matbuot xizmati.

AMERICAN COUNCILSning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Uilyam Oʻoarkning aytishicha, tez orada Oʻzbekistonning yana bir qancha shaharlarida ham Amerika burchaklari ochilishi moʻljallanmoqda. Xususan, shu yilning oxirigacha bunday maskan Samarqand shahrida faoliyat boshlashi mumkin.