Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumanida yashovchi, 1983-yilda tugʻilgan fuqaro naslli chorvani rivojlantirish maqsadida, Qarshi tumanida istiqomat qiluvchi qarindoshi rahbarlik qilayotgan masʼuliyati cheklangan jamiyat nomiga 2021-yilning mart oyida aksiyadorlik tijorat bankidan 450 mln soʻm miqdorida imtiyozli kredit oladi.
Lekin imtiyozli kredit maqsadli yoʻnaltirilmagani sababli, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Qarshi tumani boʻlimi tomonidan Jinoyat Kodeksining 167-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borish uchun Qarshi tumani prokuraturasiga yuboriladi.
Tuman prokuraturasi tergovchisi ish yurituviga berilgan ushbu jinoyat ishi doirasida, joriy yilning 26-mart kuni kredit olgan shaxsga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllaniladi.
Bundan tashqari, shaxsiy boylik orttirishni maqsad qilgan tergovchi oʻz xizmat mavqeidan foydalanib, kredit ajratilgan MCHJ rahbari boʻlgan ayolga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qoʻllamaslik evaziga, taʼmagirlik yoʻli bilan undan 5 ming AQSH dollari miqdorida pora talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, tergovchi soʻralgan pul mablagʻini oʻzining xizmat xonasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda Qarshi tumani prokuraturasi tergovchisiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi (pora olish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.