Adliya vazirligi tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida” qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Loyihada quyidagi oʻzgartirishlar nazarda tutilmoqda:
debitorlik va kreditorlik qarzi muddatlarini oʻtkazib yuborganlik;
korxonalarning hisobvaraqlarida tegishli mablagʻlar boʻlgan holda toʻlovlarni amalga oshirishning belgilangan muddatlarini buzganlik;
shartnoma majburiyatlarini bajarmaslik yoki lozim darajada bajarmaslik oqibatida xoʻjalik yurituvchi subyektlarga mulkiy zarar yetkazganlik uchun maʼmuriy javobgarliklar bekor qilinmoqda.
Hozirda shartnoma taraflari oʻz majburiyatlarini bajarmaganlik uchun Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksida maʼmuriy javobgarlik ham belgilangan.
Bu esa shartnoma taraflariga majburiyatni bajarmaganlik uchun ikkita taʼsir chorasi qoʻllanilishiga, yaʼni ham maʼmuriy, ham mulkiy javobgarlikka tortilishiga olib kelmoqda.
Shuni alohida taʼkidlash lozimki, ilgʻor xorijiy davlatlar qonunchiligida fuqarolik-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan majburiyatlarning bajarilmasligi holatini maʼmuriy huquqbuzarlik sifatida eʼtirof etish amaliyoti mavjud emas.
Loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga koʻrib chiqish uchun kiritildi.