Mamlakatimizda kambagʻalchilikdan chiqish, tadbirkorlikni rivojlantirish, qiyin ahvolda qolgan hamyurtlarimizga ijtimoiy koʻmak berish borasida bir qator islohotlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Biroq, qanchalik yengillik yaratilmasin, oʻzining vatani hali-hanuz chet elda ishlash, yashash tarzi yaxshiroq degan fikr koʻpchilikni tark etmaydi. Borishga borib, u yerda ham maqsadiga erisholmay, kamiga qarzga botib kelganlarni gapirmasa ham boʻlaveradi.
Ayni shu holat voqea “qahramonida” ham roʻy bergan.
Umarova Feruza (ism va familiyalar oʻzgartirilgan) 2017-yilda ishlab pul topish maqsadida Turkiya davlatining Istanbul shahriga borib, mehmonxonada farroshlik qilgan, shu yerda vatandoshi “Shahina” ismli qiz bilan tanishib qoladi, shu vaqti Turkiya davlati fuqarosi hisoblangan “Lida” ismli ayol bilan tanishib qoladi, u fohishaxona tashkil qilib, yosh qizlarni fohishalik bilan shugʻullanishlari uchun sharoit yaratib yurgan. U Feruzani bir necha marta fohishalik qilishini, bu yoʻl orqali katta pul topishini aytadi, lekin uning taklifini Feruza rad qiladi, shunday boʻlsa ham u bilan bir-ikki marotaba tushlik qilgan va tez –tez uchrashib turishgan. Feruzaning oʻzga yurtda ishi yurishmay 2018-yil may oyida Turkiya davlatidan Oʻzbekiston Respublikasiga qaytib kelishidan oldin Lidadan 400 AQSH dollari miqdorida qarz oladi va vatandoshi Shahina bilan uyga qaytishadi.
Oʻzbekistonga kelganidan soʻng Lida Feruzaga bir necha marotaba qoʻngʻiroq qilib, qarzini berishini talab qiladi. Feruza opa unga turli xil bahonalarni qilib, qarzini qaytarish muddatini ortga suradi. 2021-yil mart oyi boshlarida Lida unga qoʻngʻiroq qilib, qarzini soʻraydi. Feruzada esa har doimgidek puli yoʻqligini, puli boʻlishi bilan qarzini qaytarib berishini aytganida, Lida - “Puling boʻlmasa senga bir shartim bor”-deb, Turkiya davlatida oʻziga tegishli boʻlgan fohishaxonasiga bir qiz joʻnatishini, shunda uni qarzidan voz kechib yuborishini aytadi. Feruza uning shartiga rozi boʻladi va Lidadan qizni yuborish tartibi haqida soʻraydi. U avval qizni rasmini va pasportini rasmini joʻnatishini, uni koʻrishini, agar qiz unga yoqsa Feruzaga elektron bilet yuborishini aytadi. Feruza bu taklifga rozi boʻladi. 2021-yil mart oyi oxirlarida dugonasi Shahina bilan maslahatlashadi. Shahina unga Zahro ismli tanish qizi borligini, u ish qidirib yurganligini aytadi. Zahro bilan uchrashib, uni koʻndirishga harakat qiladi. Agar taklifiga koʻnsa, yoʻl xarajatlarini oʻzi toʻlab berishligini, u yerda ishlagan birinchi oylik maoshidan bilet haqqini toʻlab berishligini, shundan soʻng har bir qabul qilgan “mijozi” uchun olgan pulini teng ikkiga boʻlishligini, u yerda tez orada boyib ketishligini va uy joylik boʻlib qolishini aytadi.
— “Feruza opa qilayotgan ishlar jinoyat ekanligini tushunib yetib, holat boʻyicha unga nisbatan qonuniy chora koʻrishlari uchun Jizzax viloyat IIB boshligʻi nomiga ariza yozib berdim” – deydi Zahro.
Zahro Feruza opaning jinoyatini fosh etishda IIB xodimlariga oʻz xohishi bilan yordam berishini maʼlum qilib, Feruza opasi bilan telefon orqali suhbatlari audioyozuvlarini va telegram ijtimoiy tarmogʻi orqali olib borilgan yozishmalarini Feruza opasining jinoyatini fosh etishda yordam berish uchun IIB xodimlariga taqdim qiladi.
Oradan bir ikki kun oʻtganidan soʻng Zahro unga qoʻngʻiroq qilib, uni shartlariga rozi ekanligini bildiradi va Feruza opasiga oʻzining rasmi va fuqarolik pasport rasmlarini telegram ijtimoiy tarmogʻi orqali yuboradi.
Oʻz navbatida Feruza rasmlarni Turkiya davlatidagi tanishiga rasmlarni yuboradi. Qarabsizki «Samarqand-Istanbul» yoʻnalishiga Zahro nomiga rasmiylashtirilgan elektron aviachipta tayyor.
Uchishdan bir kun oldin Feruza Zahro bilan klinikaga borib, “Covid-19» virusiga qarshi test topshirtiradi. Binoyidek test javoblarini olib, 2021-yil 7-aprel kuni tun kechasi aeroportiga yetib borishadi. Lekin Feruzaning rejasi shu yerda amalga oshmay qoladi. Samarqand xalqaro aeroport orqali Turkiya davlatiga uchib yuborish vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan qoʻlga olindi.
Sud davlat ayblovchisining xulosasini, himoyachi fikrini, sudlanuvchi, guvohlarning koʻrsatuvlarini tinglab, jinoyat ishi hujjatlarini oʻrganib chiqib, Feruza Umarova jinoyat sodir etganlikda aybli deb topib, qonun sanksiyasida koʻrsatilgan jazoni tayinladi.
Qonun barchaga barobar, jazo esa muqarrar. Biroq, qonundan qoʻrqmay ushbu jirkanch ishga qoʻl urganlar va uning ortidan jabr koʻrganlar kim nechta?
Rahmatilla Orziqulov,
Jizzax viloyat sudi raisi oʻrinbosari
Alisher Haydarov,
jinoyat ishlari boʻyicha Jizzax viloyat sudi sudyasi