Qashqadaryo bo‘ylab «Ethno and modern fashion week» xalqaro festivali bo‘lib o‘tdi

    Madaniyat 14 May 2023 2094

    Joriy yil 11-13-may kunlari Qashqadaryo viloyati bo‘ylab «Ethno and modern fashion week» xalqaro festivali hamda etnosport o‘yinlari, gastronomik festival, etno va zamonaviy kiyimlar xalqaro tanlovi, milliy hunarmandchilik va zargarlik yarmarkasi tashkil etildi.

    Tadbir, Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan Qashqadaryo viloyati hokimligi va «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi bilan hamkorlikda amalga oshirildi.

    Bu kabi festivallarni Shahrisabzda o‘tkazilishi bejizga emas, u o‘zining boy tarixi, ko‘plab madaniy meros ob'ektlari mavjud bo‘lgan Temuriylar mamlakati hisoblanadi.

    Tadbirdan ko‘zlangan maqsad, Qashqadaryo viloyatiga xorijlik va mahalliy turistlar oqimini oshirish etnoturizm, gastroturizm va madaniy turizmni rivojlantirish, O‘zbekiston turistik salohiyatini yanada kuchaytirishdir.

    «Ethno and modern fashion week» xalqaro festivalida Angliyalik taniqli dizayner, «Omar Mansoor» brendi asoschisi Omar Mansur Sheyx, «Ladychic Paris» brendi asoschisi fransiyalik Lopez Artega, kreativ dizayner va «X8» brendi asoschisi koreyalik Li Vonkvang, shuningdek, Malayziya, Xitoy, Mongoliya, Rossiya, Qozog‘iston singari mamlakatlardan moda va dizayn namoyondalari ishtirok etdi.

    Tadbirda so‘zga chiqqan, «Omar Mansoor» brendi asoschisi Omar Mansur Sheyx - «O‘zbek milliy kiyimlari, ularning tayyorlanishidagi did va yorqinlik meni juda hayratlantirdi va o‘z kolleksiyam uchun o‘zbek matolaridan yangi ijodiy na'munalar yaratish g‘oyasi tug‘ildi. Bu yerda o‘zbek dizaynerlari bilan fikr almashdim. Ularning o‘zbek modasini jahon podyumlariga olib chiqish uchun qilayotgan ishlarida ko‘maklashmoqchimiz. Umid qilamanki, bu borada yaxshi yangiliklar yarata olamiz», deya alohida ta'kidlab o‘tdi.

    Dastur doirasida «Milliy va zamonaviy moda: nazariya, amaliyot va tajriba» mavzuidagi ilmiy-amaliy konferensiya, modalar namoyishi, Yakkabog‘ tumanida etnosport musobaqalari, milliy taomlar namoyishi, mahalliy usta-hunarmandlar mahsulotlari ko‘rgazmasi, «Amir Temur harbiy tayyorgarlik mashqlarida» nomli teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari, va mahorat darslari tashkil etildi.

    Shuningdek, Shahrisabz shahridagi diqqatga sazovor tarixiy joylarga sayohatlar uyushtirildi.

    Bu kabi jarayonlarda ishtirok etgan Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat hamda Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomlik va dizayn institutlari talabalari amaliy tajribalarga ega bo‘ldilar, deb xabar beradi Madaniyat va turizm vazirligi matbuot xizmati.

    Tadbirlar davomida mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari uchun press-tur tashkil etilib, Qashqadaryoning betakror turistik manzillari borasida keng jamoatchilik uchun media kontentlar tayyorlandi.